Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarni obod qilish va aholi bandligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda shahar va tumanlar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Avvalo, energetika masalalariga e’tibor qaratildi. Bu boradagi qo‘shimcha manbalardan biri qayta tiklanuvchi energiya. Toshkent shahrida kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkinligi qayd etildi.
Xususan, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy obyektlar va boshqa binolarning tom qismi, sanoat zonalari, avtoturargoh va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin. Bu choralar ko‘rilsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik talabni 4 baravar ortig‘i bilan, ya’ni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Prezidentimiz elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, davlat panel o‘rnatgan tadbirkorlardan elektrni kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi. Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti 1 ming so‘mdan sotib olinadi.
Shu bois, sanoat zonalari va yirik korxonalarda 400 million kilovatt soatlik quyosh panellari o‘rnatish, Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli quyosh elektr stansiyasini qurish choralari belgilandi. Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida ham quyosh panellari o‘rnatish, sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, magistral issiqlik tarmoqlari va 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uyning ichki isitish tizimini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Yig‘ilishda 2023-yilda poytaxtda aholi bandligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ulkan marralarga erishishda tadbirkorlarga tayanish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.
Jumladan, bu yili Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m kredit yo‘naltiriladi, oilaviy tadbirkorlik uchun 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Shahar mahallalarida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun 1,4 trillion so‘m, shuningdek, “Ochiq budjet” doirasida 573 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.
Prezident mahallalarni obod qilish, yo‘llar va suv inshootlarini ta’mirlash masalalariga ham to‘xtaldi. Shuning uchun shahardagi 584 ta mahallaning har biriga budjetdan qo‘shimcha 1 milliard so‘mdan, jami yana 584 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi.
Yig‘ilishda jamoat transporti sohasiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida 1 aprelga qadar qo‘shimcha mingta avtobus olib kelinib, 25 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi, svetoforlarni yo‘lovchi oqimiga qarab boshqarish, avtoturargohlar va parkomatlar tashkil qilinishi aytildi.
Davlatimiz rahbari qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi. Shu bois, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinadi.
2023-yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda bog‘ tashkil qilinib, “Toshkent yashil belbog‘i” loyihasi boshlanishi aytildi.
Poytaxtda chiqindi bilan ishlash ham qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. “Maxsustrans” faoliyatini isloh qilish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida shahar rahbariyati va tumanlar hokimlarining hisoboti tinglandi.
Shu yerda Toshkent shahrida xizmatlarni rivojlantirish va aholi bandligini oshirish rejalari taqdimoti o‘tkazildi.