
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro taʼlim standartlari asosida oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda soʻnggi sakkiz yilda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi. Joriy yilning oʻzida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilgʻor kasbiy taʼlim dasturlari joriy etilmoqda.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy taʼlim muassasasi qatoridan oʻrin oldi. Oliygohlardagi 157 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Shu bilan birga, taʼlim sifatini yanada oshirish, milliy oliygohlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish va bitiruvchilarning global mehnat bozorida munosib oʻrin egallashi uchun ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.
2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting boʻyicha, yana 10 tasini fan yoʻnalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik boʻyicha xalqaro sertifikatlar bilan taʼminlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.
Taqdimotda integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qoʻshma dasturlar yoʻlga qoʻyilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh oʻrtasida tashkil etilib, talabalarning taʼlim yoʻnalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan.
Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga oʻqish davomida bir nechta universitetda taʼlim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va taʼlim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida biznes boshqaruvi, arxitektura hamda axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda shunday dasturlar joriy etilgan. Natijada 371 nafar talaba “1+3”, “2+2” va “3+1” modellari asosida tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Mazkur tizim orqali talabalarning xorijda oʻqish va yashash xarajatlarini 10 barobargacha qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Hozirgi kunda minglab oʻzbekistonlik talaba Buyuk Britaniyada toʻrt yillik taʼlim dasturlarida tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun oʻqish va yashash xarajatlari yiliga 50 ming dollargacha yetadi.
Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Oliy maktabda taʼlim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.
Shuningdek, oliy maktab va hamkor taʼlim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha boʻlgan taʼlim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi taʼlim modellari koʻrib chiqildi.
Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil taʼlim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin boʻladi. Texnikum bitiruvchilari esa taʼlimni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega boʻladi.
Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, sanʼat va qishloq xoʻjaligi kabi ustuvor yoʻnalishlarga ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027-yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita taʼlim dasturlari markazini tashkil etadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan taʼlim yoʻnalishlarini ham qamrab oladi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning Oʻzbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida oʻqish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga taʼlimni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qoʻllash, shuningdek, royalti toʻlovlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad Oʻzbekistonni xalqaro taʼlim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi taʼlim markaziga aylantirish ekani taʼkidlandi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq taʼminlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.