
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga amaliy tashrifi yakunlandi.
Bugun kunning birinchi yarmida davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi, “EXPO” xalqaro koʻrgazmalar markaziga tashrif buyurib, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarning milliy pavilyonlari bilan tanishdi hamda BMTning Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen bilan uchrashdi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida nutq soʻzladi.
Tadbirlar yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi. Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.