
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalo, samimiy mehmondoʻstlik va sammitimizni aʼlo darajada tashkil etgani uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev Janobi Oliylariga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.
Qozogʻistonlik doʻstlarimizning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga samarali raisligini yuksak baholaymiz. Oʻzaro ishonch va muloqotni mustahkamlash, Jamgʻarma doirasidagi loyihalarni amalga oshirish va uning faoliyatini mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda takomillashtirish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi.
Bugun qabul qilinayotgan yakuniy hujjatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Ularning amalga oshirilishi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va Orol dengizi havzasida barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻladi.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi mamlakatlarimiz mustaqilligining ilk davrida Markaziy Osiyodagi suv bilan bogʻliq, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalardagi eng muhim masalalarni hal etish uchun tashkil etilgan noyob mintaqaviy tuzilma boʻlib qolmoqda.
Jamgʻarma mintaqada sifat jihatdan yangi davlatlararo munosabatlarni qaror toptirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qoʻshdi.
Yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorlik tizimi tufayli Jamgʻarma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni taʼminlashga erishdi.
Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan sharoitda Jamgʻarmaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Ekspertlarning baholariga koʻra, 2040-yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi taʼminoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qoʻshimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.
Shunday bir paytda mamlakatlarimiz suv resurslaridan foydalanish samaradorligi boʻyicha eng quyi oʻrinlarni egallab turibdi. Qishloq xoʻjaligida bir dollar miqdoridagi qoʻshilgan qiymatni yaratish uchun davlatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha ikki barobar kam.
Mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bizdan suv-energetika va ekologiya sohalarida puxta oʻylangan hamda kompleks yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.
Hurmatli hamkasblar!
Bugun ertalab Mintaqaviy ekologik sammitda Oʻzbekistonda milliy iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida aytib oʻtgan edim.
Hozir esa Jamgʻarmaning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan suvdan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtishga ijozat bergaysiz.
Qisqa muddatda Oʻzbekistondagi barcha sugʻoriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, irrigatsiya tarmoqlarini betonlash 40 foizga yetkazildi. Nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish hisobiga suv xoʻjaligida energiya isteʼmoli qariyb 30 foizga qisqartirildi. 600 mingdan ortiq suvdan foydalanuvchilar va 4 million gektardan ziyod sugʻoriladigan yerlarni qamrab oladigan yagona raqamli maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tufayli har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv resurslarini tejash taʼminlanmoqda. 2030-yilga borib esa bu koʻrsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etadi. Mazkur choralarning barchasi kompleks va izchil xarakterga ega boʻlib, oʻtgan yili qabul qilingan Suv kodeksida oʻz ifodasini topgan.
Qadrli doʻstlar!
Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik Oʻzbekistonga oʻtadi.
Biz Jamgʻarmani mintaqaviy integratsiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.
Shu munosabat bilan raisligimizning ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼlumot berib oʻtmoqchiman.
Birinchi. Jamgʻarmaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
Yaratilgan poydevor asosida Jamgʻarmaning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni taʼminlash zarur.
Shu maqsadlar uchun tashkil etilgan mintaqaviy ishchi guruhi 15 ta majlis oʻtkazdi. Jamgʻarma faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi, uning vazifa va funksiyalari yanada aniq belgilab olindi. Endi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda uning tuzilmasi, normativ-huquqiy baza va moliyalashtirish mexanizmlarini kelishib olish zarur.
Jamgʻarma organlarining vakolatlarini kengaytirish, maqomi va masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Ishonchim komilki, ushbu masalalarning barchasi boʻyicha oqilona murosaga kelamiz.
Qardosh Qirgʻiz Respublikasining Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyatidagi toʻlaqonli ishtiroki qayta tiklanishiga chin dildan umid qilamiz. Bu Jamgʻarmaning yanada mutanosib va uzoq muddatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qiladi.
Ikkinchi. Jamgʻarma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uygʻunlashtirish.
Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy rivojlanishning asosiy siyosiy yoʻnalishlarini shakllantirmoqda. Shu bois, mazkur sammitlar qarorlari va Jamgʻarma faoliyati oʻrtasida yaqin aloqani taʼminlash muhimdir.
Bu kabi uchrashuvlar davomida oliy darajada kelishilgan barqaror rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari Jamgʻarmaning tarmoq mexanizmlari orqali ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.
Uchinchi. Jamgʻarma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish.
Orol dengizi havzasi boʻyicha toʻrtinchi dastur doirasida 34 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Afsuski, bugungi kunga qadar uning natijadorligini baholash boʻyicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan.
Shu munosabat bilan biz dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning hal qiluvchi indikatorlarini kiritishni taklif etamiz. Bu ijobiy oʻzgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qoʻshimcha mablagʻ va texnik koʻmak jalb etishga yordam beradi.
Toʻrtinchi. Jamgʻarmaning ustuvor dasturlari uchun mavjud taʼsirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish.
Masalan, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi platformasidan foydalanishni taklif etamiz. U moliyaviy resurslarni jamlash hamda ulardan samarali foydalanish boʻyicha muvaffaqiyatli tajribaga ega.
Biz Trast fondining mandati va geografik qamrovini birgalikda butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini koʻrib chiqishimiz mumkin. Bu barcha davlatlar hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yoʻnaltirish imkonini beradi.
Beshinchi. Jamgʻarma va boshqa mintaqaviy tuzilmalar oʻrtasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi suv-energetika masalalari, muzliklar va togʻ ekotizimlarini saqlash, iqlim oʻzgarishiga moslashish, choʻllanishga qarshi kurashish boʻyicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi zarur. Xususan, Jamgʻarmaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Choʻllanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirishni taklif etamiz.
Oltinchi. Xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish borasidagi koʻp asrlik anʼanalarini qayta tiklash.
Koʻrinib turibdiki, agar jamiyatning suvga boʻlgan munosabati oʻzgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi.
Uzluksiz taʼlim tizimi orqali – maktabgacha taʼlim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim.
Biz asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan oʻrgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etamiz.
Shuni taʼkidlamoqchiman: ushbu ustuvor yoʻnalishlarning barchasini hayotga tatbiq etish uchun xalqaro sheriklar, moliya institutlari va ekspert-tahliliy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz.
Afgʻoniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligiga alohida eʼtibor qaratmoqchiman.
Bugungi kunda Afgʻonistonda qirgʻoqlarni mustahkamlash va melioratsiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablagʻlarini jalb etish dolzarbdir.
Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afgʻonistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash boʻyicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur.
Hurmatli hamkasblar!
Jamgʻarmaga raislik estafetasini qabul qilar ekanmiz, mintaqamiz uchun alohida dolzarblik kasb etayotgan suv-energetika va ekologik kun tartibini amalga oshirish borasidagi ishlarni Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan birgalikda faollashtirishimiz lozimligini taʼkidlamoqchiman.
Shu munosabat bilan 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam oʻtkazib borishga qaratilgan tashabbuslarimizni amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlashingizga umid qilaman.
Barchangizni joriy yilning sentabr oyi oxirida Samarqandda boʻlib oʻtadigan Suvni tejash boʻyicha Butunjahon forumida qutlashdan mamnun boʻlaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.