
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturovni qabul qildi.
Uchrashuvda Tatariston, Boshqirdiston Respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk va Omsk viloyatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon mamlakatimiz yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston Prezidenti 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod biznes vakillari ishtirokida oltinchi “INNOPROM” koʻrgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va oʻtkazilayotganini olqishladi.
Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo hajmi barqaror oʻsib borayotgani, sanoat, tinch atom, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan, sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xoʻjaligi, kiberxavfsizlik va sunʼiy intellekt kabi istiqbolli yoʻnalishlardagi rejalar qoʻllab-quvvatlandi.
Texnika yoʻnalishidagi qoʻshma oliygohlar negizida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududlari va kompaniyalari rahbarlari mamlakatimiz yetakchisiga turli tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarini taqdimot qildi.