Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti YTTB prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi



16 noyabr kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi hamda YI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Samarqand konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.

YTTB bilan samarali hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oxirgi olti yilda O‘zbekistonning ushbu nufuzli moliyaviy instituti bilan aloqalari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bank ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biridir.

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, uy-joy kommunal xo‘jalik sohalarida DXSH loyihalarini amalga oshirish, «yashil» taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Odil Reno-Basso yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi hamda sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimizning YTTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.



  ...