Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda



Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, oʻtgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar boʻlgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, kirish peshtoqi, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-maʼnaviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega boʻlishi, allomaning maʼrifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Qurilishni sifatli va oʻz vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.



  ...