Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oʻzbekiston – AQSh hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama bitimlar toʻplami imzolandi



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bagʻishlangan marosim va qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari vakillari – savdo vakili Jeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, AQSh – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Traxys”, “Valmont Industries”, “Gulf Oil”, “Avigen Broiler Breeding Group”, “John Deere”, “BlackRock Financial Markets Advisory”, “Oppenheimer” va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Videoaloqa orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangi, amaliy formatda oʻtayotgan ushbu uchrashuv bundan avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi hamda iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va oʻzaro manfaatdorlik ruhida yuksak darajaga koʻtarilayotganining ifodasi ekanini taʼkidladi.

– Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli boʻlishi yetakchi oʻringa chiqmoqda. Biz Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekanini taʼkidladi.

Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari qatorida oʻta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar koʻrsatib oʻtildi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi roli ortib borayotgani alohida qayd etildi.

Qoʻshma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining salohiyatidan faol foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida Oʻzbekiston hududlari rahbarlarining AQShning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish topshirildi.

Davlatimiz rahbari huzurida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini qurish, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.



  ...