
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar koʻchasida tashkil etilgan turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Turizm kam mablagʻ bilan koʻp ish oʻrni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar koʻp.
Jumladan, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni toʻliq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, 15 ta mahallani oʻzaro bogʻlovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta koʻchada turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etiladi.
Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar koʻchasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy meʼmorchilik anʼanalari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.
Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard soʻm hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy koʻrinishda taʼmirlanib, mahalla tarixiy muhitga uygʻun qiyofa kasb etdi.
Yuz nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard soʻm investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etildi, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari yangilangan koʻcha boʻylab yurar ekan, milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.
– Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga turizm va xizmat koʻrsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.
Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.
Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.
Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash obyektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
– Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Davos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.