
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor siyosiy bayonotlardan ko‘ra savdo hajmining oshishi, sanoat kooperatsiyasining kengayishi va investitsion aloqalarning mustahkamlanishiga qaratilmoqda. Tomonlar epizodik tashabbuslardan tizimli va institutsional asosga ega bo‘lgan hamkorlik formatiga bosqichma-bosqich o‘tib bormoqda. Yuqori darajadagi muloqot strategik yo‘nalishni belgilab bersa-da, bugungi kunda munosabatlarning mazmuni eng avvalo aniq iqtisodiy qarorlar, loyihalar va infratuzilmaviy tashabbuslar orqali boyimoqda.
2025-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkmaniston Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi ushbu institutsional yondashuvning muhim belgisi bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosarlari boshchiligida o‘tgan majlis ikki davlatning amaliy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirish mexanizmlarini muvofiqlashtirish borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zaro munosabatlarning barqaror rivojlanishida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. “Uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”, “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida”, “Daromad va mol-mulkni ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish to‘g‘risida”, “O‘zaro tovar yetkazib berish to‘g‘risida” kabi hukumatlararo bitimlar biznes uchun aniq, prognoz qilinadigan va huquqiy jihatdan kafolatlangan muhitni ta’minlab bermoqda. Shu asos iqtisodiy aloqalarning hozirgi bosqichidagi o‘sishning poydevorini tashkil qilmoqda.
Savdo hajmining o‘sishi ushbu poydevorning samaradorligini amalda tasdiqlamoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2016-yildagi 209 mln dollardan 2024-yilda 1,148 mlrd dollarga yetib, besh baravardan ko‘proq oshdi. O‘zbekiston eksporti 128 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, import hajmi 1 mlrd dollardan oshadi - uning asosiy ulushini yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, kimyo sanoati tovarlari va turli industrial mahsulotlar tashkil qiladi. 2025-yil yanvar–oktabr oylarida eksportning 23,7% ga o‘sishi turkman bozorining o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini va raqobatbardosh tovarlar ro‘yxati kengayganini ko‘rsatadi. Savdo tuzilmasi ham murakkablashib bormoqda: xizmatlar, mashinasozlik mahsulotlari va tayyor sanoat tovarlarining ulushi ortmoqda.
Hamkorlikda haqiqiy burilish nuqtasi “Shavat-Dashoguz” chegaraoldi savdo zonasining tashkil etilishi bo‘ldi. Davlat rahbarlari ishtirokida bitimning imzolanishi va hududning ishga tushirilishi iqtisodiy hamkorlikka yangi dinamika olib kirdi. Mazkur zona savdo, logistika va ishlab chiqarishning yagona makonda uyg‘unlashuviga xizmat qiluvchi platformaga aylanmoqda. U biznes uchun tranzaksion xarajatlarni kamaytirish, yetkazmalarni tezlashtirish va yangi bozorlarga chiqish imkonini yaratadi. Toshkent va Ashxobodda savdo uylarining ochilishi esa tovarlarni targ‘ib qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini rivojlantirishning qo‘shimcha mexanizmlarini shakllantirmoqda.
Investitsion hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda turkman kapitali ishtirokidagi 200 ta korxona faoliyat yuritmoqda - ular qurilish-bezatish materiallari, to‘qimachilik, mebel ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi. Neft mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash materiallari va agro-sanoat loyihalarining amalga oshirilishi qo‘shma ishlab chiqarish kooperatsiyasining kengayishiga zamin yaratmoqda.
Transport sohasidagi integratsiya ham o‘zaro yaqinlashuvning muhim omiliga aylanmoqda. Temir yo‘l, avtomobil va daryo transportiga oid hukumatlararo bitimlar, shuningdek yangi hamkorlik memorandumlari mintaqaviy koridorlarning samaradorligini oshirmoqda. 2024-yilda yuk tashish hajmi 1,11 mln tonnaga yetdi, tranzit oqimlari esa qariyb 40% ga oshdi. Andijon mexanik zavodida turkman vagonlarining ta’mirlanishi va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sisterna-vagonlarning Turkmanistonga eksporti sanoat va transport kooperatsiyasining yangi yo‘nalishga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Xulosa va istiqbollar
Toshkent va Ashxobodning iqtisodiy hamkorligi yangi, yetuk bosqichga kirib bormoqda. Mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos, savdo hajmining barqaror o‘sishi, sanoat integratsiyasi, investitsion loyihalar va chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi kelgusi yillarda keng ko‘lamli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Kelajakda kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatlarida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish; “Shavat-Dashoguz” zonasini sanoat-logistika klasteriga aylantirish; agro-sanoat va suv tejash sohalaridagi loyihalarni kengaytirish; yangi transport infratuzilmasini yaratish; investitsiyaviy mexanizmlarni kuchaytirish hamda xususiy sektorning ishtirokini faollashtirish asosiy istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik modeli bugungi kunda ikki davlatning iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlab, ularning mintaqaviy savdo va tranzit tizimlaridagi rolini sezilarli darajada oshirmoqda.