
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganiga bagʻishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlugʻ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq boʻlib kelayotganini oʻzida mujassam etishini qayd etdi.
– Turkman xalqining zamonaviy oʻziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy anʼanalari, madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga, olijanoblik, bagʻrikenglik va yaxshi qoʻshnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi, – dedi Prezidentimiz.
Shu bois, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekiston uchun jahonga ochiqlik, oʻzaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini taʼkidladi. Buning tasdigʻi sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida birdamlik boʻyicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizning Qoʻshilmaslik harakatidagi boʻlajak raisligi davrida Oʻzbekiston tinchlik va zoʻravonlikdan xolilik madaniyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha global harakatni ragʻbatlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bagʻrikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga koʻmaklashishni bosh ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.
Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yoʻlida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining oʻzaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.
Prezidentimiz global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar oʻrtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidladi. Aynan shu sababli ham Oʻzbekiston Turkmanistonning 2025-yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi boʻldi.
Oʻzaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi.
– Oʻtgan oyda Toshkentda boʻlib oʻtgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha birgalikdagi harakatlar, koʻpqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor koʻrsatdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu nuqtayi nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urgʻu berildi.
Davlatimiz rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu gʻoyalar mujassam boʻlgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib oʻrin egallashiga ishonch bildirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qoʻshma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yoʻlida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qoʻshishga tayyorligini taʼkidladi.