Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi



Hurmatli davlat rahbarlari!

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida sizlarni samimiy qutlayman.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Bugun bizning qardosh xalqlarimiz uchun haqiqatan ham tarixiy kun. Biz Ozarbayjon Respublikasini Maslahat uchrashuvlarimiz formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risida prinsipial qaror qabul qilmoqdamiz. 

Ushbu strategik qadam umumiy tarix, qardoshlik rishtalari, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlarimiz manfaatlariga to‘liq javob beradi.

Men qat’iy ishonamanki, qardosh Ozarbayjonning qo‘shilishi Maslahat uchrashuvlarimizga kuchli shiddat beradi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlarni ochadi.

Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi
va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz.

Ushbu muhim qaror qabul qilingani uchun barcha hurmatli hamkasblarimga samimiy minnatdorlik bildiraman va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Geydarovich Aliyevni Maslahat uchrashuvlarimiz formatiga to‘la huquqli ishtirokchi bo‘lib qo‘shilgani bilan tabriklayman.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze janoblarini ushbu tarixiy sammitimizdagi ishtiroki bilan qutlaymiz.

Bugun mana shunday jo‘shqin muhitda hamkorligimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha sizlar bilan atroflicha fikrlashib, muhim qarorlar qabul qilamiz, deb ishonaman. 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadrli do‘stlar!

Biz ilk uchrashuvimizdan buyon o‘tgan qisqa davrda juda katta, ahamiyatiga ko‘ra tarixiy yo‘lni bosib o‘tdik. Ochiq muloqot va birgalikdagi faol sa’y-harakatlarimiz natijasida mintaqamiz uchun dolzarb bo‘lgan qator muammolarga samarali yechimlar topishga muvaffaq bo‘ldik. 

Hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, mamlakatlarimiz o‘rtasida faol savdo-investitsiya va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratildi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo – bu barqaror o‘sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir.

Mintaqamiz jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashmoqda: investitsiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda.

O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetdi. Mintaqamizga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi.

Mamlakatlarimiz xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida tizimli chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Hamjihatlik va umumiy taraqqiyot sari intilishning kuchayishi Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi maqomini mustahkamlash va global miqyosdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda. 

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar kuchaydi. Mintaqamiz nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiyani namoyon etmoqda.

Formatimizga Ozarbayjonning qo‘shilishi bilan mintaqamizning dunyo hamjamiyatidagi ovozi yanada ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekistonning raisligi davrida hamkorligimiz salohiyatini yanada oshirish maqsadida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida mintaqalararo hamkorlik forumi ishi yo‘lga qo‘yildi, ilk bor mudofaa idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek, geologiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va madaniyat vazirlari yig‘ilishlari o‘tkazildi. Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotini muvaffaqiyatli o‘tkazdik.

Bularning barchasi mintaqaviy sheriklikning institutsional asoslari va mexanizmlari tizimli ravishda kengayib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, yaqinda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining ilk bor mintaqamizda – Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan tarixiy 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tishida qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga minnatdorlik bildiraman.

Hech shubhasiz, ushbu noyob voqea Markaziy Osiyoning ishonchli va ahamiyatli sherik sifatidagi imijining yana bir tasdig‘idir.

Hurmatli hamkasblar!

Murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro-siyosiy jarayonlar sharoitida o‘zaro hamjihatligimiz va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ishonchim komilki, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg‘onish davri ostonasida turibmiz.

Biz hamkorligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga o‘zaro muvofiqlashtirilgan javobni ishlab chiqishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz.

Biz uchun hozirning o‘zida mintaqamizni bundan 10-20 yildan keyin qanday ko‘rishni xohlashimiz bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lish muhimdir. 

Shu munosabat bilan qator takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, hamkorlik mexanizmlari va shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish prinsipial ahamiyatga egadir.

Uchrashuvlarimizni mintaqaviy muloqotning maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. 

Ushbu maqsad yo‘lida formatimiz institutsional va tashkiliy asoslarini izchil mustahkamlashni nazarda tutadigan Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, xalq diplomatiyasi sohasidagi qadriyat va an’analarimizga tayangan holda, boy hayotiy tajriba va obro‘-e’tiborga ega jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu mamlakatlarimizda avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Mintaqa mamlakatlarining o‘zaro savdosi va umumiy tashqi savdo aylanmasi salohiyati o‘rta istiqbolda ular hajmlarini kamida 1,5-2 barobar oshirish imkonini beradi.

Ma’muriy to‘siqlarga barham berish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish vaqti allaqachon yetgan, deb hisoblayman. 

Bizning nuqtayi nazarimizda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha masalalarni qamrab oladigan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish savdo hajmlarini sezilarli darajada oshirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi.

Yaqin istiqbolda umumiy investitsiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilishni ayniqsa muhim, deb hisoblaymiz. Bu bizning investitsiya siyosatimizning umumiy tamoyillarini mustahkamlash, investorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlash, keng mintaqamizda yagona investitsiya muhitini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish imkonini bergan bo‘lar edi. 

Elektron savdo sohasida salohiyat va yangi imkoniyatlardan foydalanishni muhim, deb hisoblaymiz. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sohaning bozori faqat Markaziy Osiyoning o‘zida yaqin o‘n yillikda 150 milliard dollargacha o‘sishi mumkin.

Shu munosabat bilan, bizning yondashuvlarimizni uyg‘unlashtirish, virtual savdo maydonchalari va ishonchli raqamli to‘lov tizimlarini yaratishni yengillashtirish imkonini beradigan Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. 

Uchinchidan, yuqori texnologiyali mintaqaviy infratuzilmalar va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

Elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar, chegara orqali o‘tkazish punktlari, “yashil yo‘laklar”, optik-tolali liniyalar va boshqa obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan umummintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni taklif etamiz. 

Biz mintaqalararo transport bog‘liqligini mustahamlash maqsadida, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, shuningdek, Transafg‘on transport yo‘lagi qurilishi kabi loyihalarga ustuvor ahamiyat qaratamiz. 

Mintaqamizni Yevropa mamlakatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘laklari bizning oldimizda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 

Bu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun mamlakatlarimiz bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

To‘rtinchidan, mintaqamizning gullab-yashnashi va farovonligi bevosita bizning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bog‘liq. 

Bugun qabul qilinayotgan Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, shuningdek, Tahdidlar va xavflar katalogi ushbu sohadagi hamkorligimiz samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berishiga ishonaman.

Butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan Afg‘onistondagi vaziyat alohida diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak.

Biz qat’iy ishonamizki, Afg‘onistonni infratuzilmaviy, energetika va transport loyihalarimizga integratsiyasi umumiy mintaqaviy siyosatimizning ajralmas qismiga aylanishi lozim. 

Fursatdan foydalanib, yaqinda bo‘lib o‘tgan “Farg‘ona tinchlik forumi”ni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga alohida minnatdorlik izhor etaman. Biz mintaqamizda yaqin muloqot va o‘zaro ishonch ruhini mustahkamlashga xizmat qiladigan ushbu ekspertlik platformasini muntazam o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirish tarafdorimiz.

Beshinchidan, ekologiya, iqlim va suv resurslari taqchilligi masalalari e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. 

Birinchi Samarqand iqlim forumida Markaziy Osiyoni “yashil” rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etilgan edi. Ushbu hujjat qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilamiz.

Mintaqada suv taqchilligi tobora o‘sib borayotgani va uning barqaror rivojlanishdagi salbiy oqibatlarini hisobga olib, 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni taklif etamiz.

Qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb etishni muhim, deb hisoblaymiz. 

Soha kadrlarini professional tayyorlashga investitsiya jalb etmasdan turib, suv resurslarini samarali boshqarish imkonsiz. Shu maqsadlarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bazasida Suv xo‘jaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etishni rejalashtirganmiz. 

Sizlarga ma’lumki, kelgusi yilda mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi o‘tkazishni reja qilganmiz. Bu borada sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizga va anjumanda faol ishtirok etishingizga umid qilamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish birodar xalqlarimizning umumiy intilishlariga to‘liq javob beradi. 

Bizning mintaqa ming yillar davomida jahon sivilizatsiyasi, buyuk g‘oyalar yaratiladigan, xalqlarni madaniy va ma’naviy jihatdan o‘zaro boyitadigan markazlardan biri bo‘lib kelgan. 

Kecha biz sizlar bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldik. Ushbu markaz ilmiy bilimlar va g‘oyalar yaratish, tadqiqotlar olib borish, umumiy madaniy-tarixiy merosimizni ommalashtirish uchun noyob platformadir. 

Markaz yoshlarimiz, ularning ilmiy va ma’naviy yuksalishi uchun xizmat qiladigan maskanga aylanishiga umid qilamiz.

Kuni kecha Toshkentda ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bag‘ishlangan birinchi Xalqaro kongressni o‘tkazdik. Bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etishni zarur, deb hisoblayman. Kongressni har yili, formatimizda raislik qiluvchi mamlakatda o‘tkazib borishni taklif etamiz.

Shu o‘rinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining mintaqamiz taniqli olim va mutafakkirlarining global ma’rifatparvarlik rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan Maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish borasida O‘zbekistonning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilamiz.

Bundan tashqari, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tuzishni taklif etamiz. Bu davlatlararo ilmiy loyihalarni moliyalashtirish, akademik hamjamiyatni rag‘batlantirish, mintaqaning intellektual salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatlarimizning ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini hal qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha imkoniyatlarimizni kengaytirishga xizmat qilgan bo‘lar edi. 

Aziz do‘stlar!

Bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va ilgari surilgan tashabbuslar zamirida barchamiz uchun umumiy bo‘lgan barqaror, xavfsiz va gullab - yashnagan Markaziy Osiyoni barpo etish maqsadi mujassamdir. 

Alohida ta’kidlamoqchiman: bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda.

Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin.

Hurmatli hamkasblar!

Sizlarga bugungi ochiqlik va ishchanlik ruhidagi chiqishlaringiz, ilgari surilgan konstruktiv g‘oyalar va aniq harakat rejalari uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston va xalqimiz sha’niga, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar hamda kengashdagi raisligimiz haqida bildirgan samimiy so‘zlaringiz uchun barchangizga tashakkur aytaman. 

Hech shubhasiz, sizlar ilgari surgan barcha takliflarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoda do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.

Aziz do‘stlar!

Fursatdan foydalanib, Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovni 2026-yilda, endilikda yangi – “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” formatida o‘tadigan davlatlar rahbarlarining Maslahat uchrashuvida raislikni qabul qilib olgani bilan chin dildan tabriklayman.

Biz Turkmanistonning bo‘lajak raisligi davridagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz va bu yo‘lda Sizga katta yutuqlar tilab qolaman.



  ...