Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti: Har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi



Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollarni samimiy tabriklab, ularga yuksak ehtiromini bildirdi.

– Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne’mati, tengsiz mo‘’jizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ma’lumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Mamlakatimizda xalqni rozi qilish maqsadi yo‘lida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning o‘qishi, ishlashi, salomatligi, oilasi uchun sharoitlar yaxshilanmoqda.

Bu maqsadlar Taraqqiyot strategiyasining ham muhim yo‘nalishlaridan biri. Shunga muvofiq, 1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar belgilandi. Bu vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi qayta tiklandi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi.

Respublikadagi 9,5 mingga yaqin mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkazildi. Har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi. Bu orqali opa-singillarimizning muammolari, dardu tashvishlari bilan doimiy shug‘ullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilindi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan, obro‘-e’tiborli ayollarni o‘z safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakati tashkil topmoqda. Shuningdek, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuzilmoqda.

Tadbirkor xotin-qizlarni yanada ko‘paytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi.

Tariximizda ilgari bo‘lmagan bunday keng ko‘lamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

– Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz xotin-qizlarga murojaat qilib, ularni buyuk ishlarga ruhlantirdi:

– Biz mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish uchun, yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydik. Farzandlarimiz qalbiga ulug‘ maqsadlar, olijanob g‘oyalarni singdirish – barcha O‘zbekiston onalarining sharafli burchidir. Yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish albatta sizlarga bog‘liq. Bu – yorug‘ kelajakka yo‘naltirilgan eng katta investitsiya va bitmas-tuganmas boylikdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 martdagi farmoniga muvofiq, bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan edi.

Bayram tadbirida ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat, go‘zallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman. Qalbingiz doim bugungi bahordek yashnab tursin, - dedi Prezident.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.



  ...