24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini saqlab qolish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining samarali hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.