Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston xalqaro investorlar uchun tobora jozibador manzilga aylanib bormoqda. O‘tgan yetti yilda mamlakatimizga 120 milliard dollar sarmoya jalb etildi, olti mingdan ortiq korxona tashkil etildi. Xususan, 2024-yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarga yetdi, eksport esa 27 milliard dollarni tashkil etdi.
Xo‘sh, O‘zbekistonni investorlar uchun nima jozibador qiladi? Keling, asosiy jihatlarni ko'rib chiqaylik.
Birinchidan, mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
2017-yildan buyon hukumat davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda, bu esa turli sohalarga – energetikadan qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan xususiy sarmoyalarga yo‘l ochadi. Bundan tashqari, hukumat tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirib, ariza berilgan paytdan boshlab 30 daqiqagacha qisqartirdi. 150 dan ortiq turdagi ruxsatnomalarni olish jarayoni raqamlashtirildi va bu byurokratik to‘siqlarni sezilarli darajada qisqartirdi. Bu qadamlar mamlakatimizning bozor tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatibgina qolmay, xorij kompaniyalari uchun ham qulay muhit yaratmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi rivojlangan infratuzilma mavjud. Mamlakat transport tarmoqlarini, jumladan, avtomobil va temir yo‘llarni modernizatsiya qilishga sarmoya kiritmoqda, bu esa logistika va savdoni osonlashtiradi.
Energetika sohasida ham o‘zgarishlar ro‘y bermoqda – barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari faol joriy etilmoqda. Xususan, joriy yil boshidan buyon quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida 8,7 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan umumiy quvvatning 20,3 foizini tashkil etdi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi, jumladan, keng polosali internet jadal rivojlanmoqda, bu zamonaviy biznes jarayonlari uchun nihoyatda muhim. Bugungi kunda mobil keng polosali internet O‘zbekistondagi aholi punktlarining 99 foizini qamrab olgan, barcha viloyat markazlarida 5G aloqasi mavjud. Shu bilan birga, xalqaro tarmoqli kengligi 4200 Gbit/s gacha oshdi, bu esa global tarmoqqa ulanish sifati va tezligini sezilarli darajada oshirdi.
Keyingi omil - bu inson kapitali. Mamlakatimiz ta’lim tizimi, ayniqsa, texnik va muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha yosh malakali kadrlarning doimiy oqimini ta’minlamoqda. Ishchi kuchini investorlar va mehnat bozori talablariga moslashtirish uchun oliy va kasb-hunar ta’limi ekotizimlari faol rivojlanmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda 71 ta xususiy oliy o‘quv yurti va 51 ta texnikum ochildi. Bu yerda 500 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, oliy taʼlim muassasalari bilan qamrab olish 9 foizdan 42 foizga oshgan. Demak, investorlar endi bu yerda o‘z loyihalari uchun iqtidorli mutaxassislarni topishlari mumkin.
To'rtinchidan, davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash. Investitsion muhitni yaxshilash, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda investorlarga qator imtiyozlar, jumladan, soliq imtiyozlari, bojxona to‘lovlaridan ozod qilish va mulk huquqini himoya qilish kafolatlari taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, biznes uchun xavflarni kamaytiradigan nizolarni adolatli va oshkora hal etishni ta’minlash bo‘yicha huquqiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. Shu munosabat bilan investitsiyalar (shu jumladan muqobil) va maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Va nihoyat, muvaffaqiyatli investitsiya misollarini eslatib o'tish kerak.
O‘zbekistonda “ACWA Power”, “Masdar”, “Linde”, “DataVolt”, “Shanghai Renewable Energy”, “Total Energy” va boshqa ko‘plab yirik xalqaro kompaniyalar faoliyat ko‘rsatayotgani va o‘z faoliyatini kengaytirishda davom etayotgani mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligi ortib borayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston o‘zining strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, rivojlangan infratuzilma, malakali inson kapitali va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani bilan investorlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Mels Ochilov,
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bosh mutaxassisi