Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston yoshlari kuni va Davlat gerbi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri o'tkazildi.
"Vatan ravnaqi yo'lida birlashaylik!" shiori ostida o'tgan tadbirda Xitoy oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar va ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar hamda ayni vaqtda Pekin shahrida xizmat safarida bo'lib turgan O'zbekiston Madaniyat vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi delegatsiyasi a'zolari ishtirok etdi.
O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Yoshlar ishlari agentligi direktori o'rinbosari Abdulaziz Muminov yig'ilganlarga yurtimizning boy madaniy merosini keng targ'ib qilish, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar borasida so'zlab berdilar.
Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda chet ellarda O'zbekiston madaniy, ilmiy va ma'naviy merosini keng targ'ib qilish, uni jahon miqyosida o'rganish va ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga to'xtalib o'tildi.
Xususan, vatandoshlar istiqomat qilayotgan davlatlarda o'zbek tili, madaniyati va an'analarini saqlab qolish va rivojlantirish borasida respublikamiz mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyat hamda bu borada istiqboldagi rejalar ma'lum qilindi.
Shuningdek, O'zbekistonning yoshlar, xorijdagi vatandoshlarga oid davlat siyosati haqida ta'kidlanda hamda chet ellardagi yurtdoshlarimiz mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da chuqurlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chorlandi.
Vatandoshlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mas'ullardan batafsil javob oldilar.
Yurtdoshlarimizga O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan "Ibrat farzandlari va mutolaa" elektron adabiyotlar platformasi kartalari taqdim etildi.
Bayram tadbiri yurtimizning taniqli estrada xonandalari, yosh ijrochilarning konserti bilan yakunlandi.