Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Shayxontohurda xizmat sohalari drayver bo‘ladi



Davlatimiz rahbari Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida bo‘ldi.

Mamlakatimizdagi islohotlar “nafasi” har bir hududga kirib boryapti. Aholi bandligi va turmush madaniyatiga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Ko‘p qavatli uylar, do‘konlar, fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy qiyofaga ega. Ichki yo‘llar tekislanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan. So‘lim sayilgoh va piyodalar yo‘lagi, nuroniylar oromgohi, sport va bolalar maydonchalari barpo etilgan.

Yangi Kamolon mahallasida 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.

Shu yerda Shayxontohur tumani “Islohotlar shtabi” faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.

- Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Bu yil mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan.

“Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ustalar va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yo‘laklari ta’mirlandi. Ayrim uylarga yangi liftlar o‘rnatildi.

Davlatimiz rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Mahalla ayvonida aholi bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

- So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘ligi, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, ta’lim maskanlari, infratuzilma inshootlari bo‘ladi, - dedi Prezident.

Nuroniy otaxon va onaxonlar yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursandligini ta’kidlab, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.



  ...