Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Pekinda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati taqdim etildi



Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Xitoyning savdo, sanoat, qishloq xo'jaligi, raqamli texnologiyalar, ta'lim, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat olib boruvchi 100 yaqin kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida O'zbekiston hududlarining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari, ulardagi mavjud soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar hamda yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar bilan O'zbekistonda biznes yuritish afzalliklari to'g'risida fikr almashildi hamda ular tomonidan ko'tarilgan barcha masalalar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Tadbir davomida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar namoyish etildi. Xitoy kompaniya vakillari bilan B2B va G2B formatida uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi.

Van Pin, Xenan avtomobilsozlik kompaniyasi bosh direktori:

– O'zbekiston elchixonasida tashkil etilgan iqtisodiy tadbirda ishtirok etganimdan xursandman.

Chunki, bu yerda mamlakatingizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil ma'lumot olish imkoniga ega bo'ldik. Yurtingizda xitoylik investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlardan mamnun bo'ldik.

Kompaniyamiz avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. Shuningdek, mexanik ishlov berish xizmatlarimiz ham mavjud. Mexanik ishlov berish to'g'ridan-to'g'ri yakuniy mahsulot ko'rinishida ishlab chiqarish va mijozlarga jo'natish imkonini beradi.

Kelgusida O'zbekiston bilan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yo'nalishida hamkorlik qilishni rejalashtiryapmiz.

Xu Chunszin, Xitoyning qurilish mollari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi vakili:

– Mazkur forum O'zbekistondagi biznes muhiti haqida ma'lumot olish va yangi hamkorlarni topish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Kompaniyamiz asosan qurilish materiallari va jihozlarini ishlab chiqaradi. Tadbir davomida o'tkazilgan muzokaralarda o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildik.

Hamkorligimiz orqali mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik aloqalarini mustahkamlashga hissa qo'shishga tayyormiz.



  ...