Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Qadimiy buyuk Ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros bog‘lab turadi. Biz bugun bu ko‘hna an’analarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollar, kelgusida esa 1 milliard dollarga chiqarish imkoniyati borligini ta’kidlab, bu boradagi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Avvalo, sanoat sohalarida kooperatsiya dasturini, savdo aylanmasi tarkibini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish – mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz o‘rtasida multimodal transport, yuk va havo tashuvlari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda Tranzit va savdo bitimi kuchga kirdi, muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratildi.

Prezidentimiz transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi. 

– “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yo‘l bitsa, Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lakni yaratamiz. Bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi, – deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.

Muzokarada ushbu loyihani yanada ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Doimiy aviaqatnovlarni qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar  ham rivojlanmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Panjob muzofoti ishbilarmonlari ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Kelgusida Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi va boshqa hududlarda ham ana shunday samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Ziyorat turizmi – yana bir muhim yo‘nalish. Pokistonda naqshbandiya tariqatining millionlab vakillari, ulug‘ allomalarimizning ixlosmandlari bor. Qadimiy obida va ziyoratgohlar, Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar merosi ikki xalq uchun ham qadrli.

Prezidentimiz ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qo‘shma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochishni taklif qildi.  

Uchrashuvda ilm-fan, ekologiya, oliy ta’lim, san’at, kino, sport sohalaridagi aloqalarga ham e’tibor qaratildi.

Hukumatlararo komissiya hamraislari, vazirlar erishilgan kelishuv va kelgusidagi rejalar haqida axborot berdi. Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

– O‘ylaymanki, bugungi ochiq va sermahsul muloqotlarimiz, imzolanadigan hujjatlar strategik sherikligimizning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ochadi. Eng asosiysi, biz – ikki birodar bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Biz qo‘ygan katta marralarga erishish uchun Hukumatlarimiz doimiy muloqotda bo‘lishlari zarur, – dedi Prezidentimiz.

Muzokaralar mamlakatlarimizda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha katta xohish-iroda va intilish borligini yana bir bor tasdiqladi.



  ...