Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Pokiston Bosh vaziri davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Pokiston uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda aloqalar ancha faollashdi. Bundan tashqari, ikki mamlakatning turdosh vazirlik va idoralari, hududlar rahbarlari doimiy muloqotda bo‘lib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirmoqda.

Pandemiyaga qaramay, barcha sohalardagi aloqalar rivojlanmoqda. Xususan, 2021-yilda o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 50 foizga o‘sdi. Joriy yil boshidan yana 70 foiz o‘sish kuzatildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 177 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes-forum, siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

 Shavkat Mirziyoyev va Imron Xonning muloqotida ushbu tadbirlarning natijalari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy kelishuvlar hajmi avvalgi yillarga qaraganda o‘sgani, shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshash ekani tasdiqlandi.

O‘zbekiston va Pokiston xalqaro maydonda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Afg‘onistonda kun sayin murakkablashayotgan gumanitar holat uning yaqin qo‘shnilari sifatida O‘zbekiston va Pokistonda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Ushbu mamlakatga insonparvarlik ko‘magi ko‘rsatishga jahon hamjamiyati e’tiborini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Imron Xon O‘zbekiston Prezidenti tuhfa qilgan Urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini katta mamnuniyat bilan qabul qildi. Unda o‘zbek va urdu tillaridagi 3 mingdan ortiq bir xil ma’noli so‘zlar jamlangan.



  ...