Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xavfsizlik va mudofaani mustahkamlash masalalari muhokama qilindi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Majlisda Xavfsizlik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qo‘mondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy xokimiyat organlari mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qilingan ishlar va ularning natijalari hamda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Jahon tajribasi va tahlillardan kelib chiqib, ichki va tashqi xatarlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha yangi jangovar bo‘linmalar tuzildi, qo‘shinlar tarkibi optimallashtirildi.

Armiyani modernizatsiya qilish va zamonaviy qurollantirishning yangi tizimi – mudofaa sanoati yanada rivojlantirilgani, qo‘shimcha korxonalar tashkil qilingani qayd etildi. Qurolli Kuchlarimiz tomonidan 20 dan ziyod mamlakat bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 400 dan ortiq qo‘shma mashg‘ulotlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishilganligi aytib o‘tildi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy oliygohlarning infratuzilmasi to‘liq modernizatsiya qilindi, o‘quv dasturi va metodikasi bugungi kun talablariga moslashtirildi.

Harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish ham kuchaydi. Jumladan, 30 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlandi, o‘tgan yil davomida 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar berildi.

Vatan himoyachilariga sharoit yaratishda harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda ularni chaqiruvga qadar boshlang‘ich harbiy tayyorlashga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Yig‘ilishda 2025-yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilandi.

Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligini ta’minlash, jangovar tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini yanada takomillashtirish, sun’iy intellektga asoslangan qo‘shinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy ta’lim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual ta’limdan foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Armiyaning ustuni bo‘lmish “Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yo‘naltirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa ma’sullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.



  ...