Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Yuqori darajadagi “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga



Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Hurmatli xalqaro tashkilotlar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global aksilterror strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirishga bag‘ishlangan, BMT Aksilterror boshqarmasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro konferensiyada  qutlayman.

Mazkur forumni o‘tkazish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganligi uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrishga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.

YXHT Bosh kotibi Xelga Shmid xonim, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari janob Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Natalya German xonimga va Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat idoralari rahbarlariga ushbu muhim tadbirni tashkillashtirishdagi hamkorlik uchun ehtiromimni izhor etaman.

Sizlar konferensiya ishini qo‘llab-quvvatlaganingiz umumiy xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida terrorizm, boshqa tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda qarshi turish masalasida sobitlikning ishonchli tasdig‘idir.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Bugun biz xalqaro munosabatlarda nizolarning kuchayishi, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik darajasining pasayishiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ayni damda dunyoning turli mintaqalarida keskinlik o‘choqlari saqlanib qolmoqda, qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Ijtimoiy hayot va iqtisodiy faoliyatning barcha jabhalariga zarar keltirgan pandemiya BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga o‘ta salbiy ta’sir qilmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi inqirozli hodisalar dunyodagi tengsizlikni kuchaytirmoqda, nizolarning keskinlashuvi xavfini jiddiy oshirmoqda va shu asnoda terrorizm g‘oyalarining tarqalishi uchun qulay muhit yaratmoqda.

Shunday murakkab sharoitlarda tobora ortib borayotgan global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish yo‘lida dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Bundan 15 yil muqaddam dunyoning barcha mamlakatlari BMTning Global aksilterror strategiyasini bir ovozdan ma’qullagan edilar. Ushbu hujjat terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan keng qamrovli, umume’tirof etilgan ilk huquqiy asos bo‘ldi. 

2011-yilda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati uni ro‘yobga chiqarishga doir Qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqlab, birinchi bo‘lib mazkur dasturiy hujjatni mintaqalashtirish bo‘yicha namuna ko‘rsatdilar.

Ushbu rejani amalga oshirish terrorizmga qarshi kurashda umumiy tamoyillar va yondashuvlarga doir mintaqaviy konsensusni mustahkamlash, ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish imkonini berdi.

Mintaqa mamlakatlari terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z milliy tizimlarini shakllantirdilar. Mamlakatlarning BMT tavsiyalariga to‘liq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqildi.

Shu asnoda davlatlarimiz uchun yanada tartibli va samarali muloqotga kirishish, tajriba va muhim ma’lumotlarni almashish, aksilterror harakatlar salohiyatini oshirish hamda yolg‘iz amalga oshirib bo‘lmaydigan natijalarga birgalikdagi intilishlar orqali erishish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Natijada esa bugun ko‘plab nufuzli xalqaro reytinglarda Markaziy Osiyo dunyoning eng xavfsiz mintaqalari qatoridan o‘rin egallamoqda.

Keyingi yillarda bu yerda fundamental ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro manfaat va ishonch tamoyillariga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil rivojlanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ulkan salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam bermoqda.

Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rar ekan, mintaqa davlatlari afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatmoqda, tinch iqtisodiyotni qayta tiklashga va ushbu mamlakatning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashmoqda.

 

Hurmatli xonimlar va janoblar!

O‘zbekiston 14 ta asosiy universal xalqaro huquqiy hujjatlarni imzolagan bo‘lib, xalqaro terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lidagi global sa’y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda.

Mazkur sohadagi davlat siyosati keng qamrovlilik, inklyuzivlik va izchillik yondashuvlariga tayanadi. Barchamizga ma’lumki, bunday yondashuv huquqni muhofaza qilish choralari bilan bir qatorda preventiv va profilaktik choralarni birgalikda olib borishni, BMTning Global aksilterror strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faol qatnashishini nazarda tutadi.

Bu ishda jamiyatda o‘zaro anglashuv muhitini qaror toptirish va muloqotni rivojlantirish, nizolarning oldini olish, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, ta’limni, shu jumladan professional ta’limni ilgari surish, bandlikni ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish eng ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Madaniyatlararo va dinlararo muloqot, ayollar va yoshlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashishning fundamental asosi, bu – inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Ishonchimiz komilki, terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish bir-birini inkor etuvchi emas, balki to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi maqsadlardir. 

Aminmanki, bugun siz Qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorligimizni har tomonlama tahlil qilishingiz va uni yangi muhim yo‘nalishlar bilan to‘ldirishingiz mumkin.

Shu nuqtai nazardan, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Birinchi. Shunisi aniqki, mintaqada aksilterror strategiyani amalga oshirishni muvaffaqiyatli davom ettirish Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosining borishini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamjihatlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirishni taqozo etadi.

Shu munosabat bilan, mintaqamizda BMT Aksilterror boshqarmasining ofisini ochish zarurati allaqachon vujudga kelgan deb hisoblaymiz.

Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashish yo‘lida o‘zaro muvofiqlashgan hamkorlikdan maksimal darajada uyg‘un samaraga erishish uchun uning xavfsizlik muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin aloqalarini ta’minlashni taklif etamiz.

Ikkinchi. Bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatlari kibermakondagi terrorizm bilan to‘qnashmoqda. Internet radikal g‘oyalarni tarqatish, odamlarni yollash, terrorchilik harakatlarini moliyaviy ta’minlash, rejalashtirish va sodir etish vositasiga aylanmoqda. 

Bunday sharoitda davlatlarimizning terrorizm maqsadlarida raqamli texnologiyalardan foydalanishga qarshi samarali kurashish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish g‘oyatda muhim ahamiyatga ega.

BMTning Aksilterror boshqarmasini 2020-yilda qabul qilingan Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha dasturlarini bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirib qolamiz. 

Ushbu dastur doirasida kiberterrorizm sohasida tajriba va ma’lumotlar, tadqiqotlar va eng yaxshi tajribalar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan Markaziy Osiyoda kiberterrorizm bo‘yicha Yagona elektron tizimni yaratish zarur deb hisoblaymiz.   

Bundan tashqari, kibermakonda xavfsizlikka tahdidlarning transchegaraviy xarakterga ega ekanligi axborot makonida ekstremizm va terrorizmning turli ko‘rinishlariga qarshi samarali kurashish imkonini beruvchi yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarni yaratishni taqozo etmoqda. Bu masala yuzasidan muloqot tashkil etish va uni muvofiqlashtirishda BMT ko‘magiga umid bildiramiz.

Uchinchi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiy mojarolar hududidan 1500 nafardan ziyod o‘z fuqarolarini vatanga qaytardi, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda o‘ziga xos yondashuvlarni ishlab chiqdi.

Shu munosabat bilan BMTning Aksilterror boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari orasidan Mintaqaviy ekspert kengash ta’sis etishni taklif qilamiz. Radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish dasturlarini takomillashtirish hamda mamlakatlarimizda terrorizm targ‘ibotiga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kengashning asosiy vazifasi bo‘ladi.

To‘rtinchi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashishning eng muhim sharti samarali yoshlarga oid siyosatdir. BMTning Yoshlar strategiyasida qayd etilganidek, yoshlarda o‘zini bir necha bor oqlaydigan bebaho va g‘oyatda muhim resurs mujassamlashgan. 

Mamlakatlarimiz kelajagi yosh avlod qanday inson bo‘lib kamol topishi, qanday ta’lim va tarbiya olishi, biz ular uchun qanday sharoitlar va “ijtimoiy liftlar” yaratib berishimizga bog‘liq.

Shu kabi barcha masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun 2023-yilda Samarqand shahrida, ilgari taklif qilganimizdek, doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlari kengashini chaqirishni taklif qilamiz. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha mamlakatlarimiz yoshlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yosh avlodning o‘z iqtidorini namoyon qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish yo‘nalishlarida tajriba almashishga doir batafsil Harakatlar rejasini ishlab chiqish zarur. 

Beshinchi. Xabaringiz bor, BMTning Global aksilterror strategiyasida bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida dinlararo va madaniyatlararo muloqot g‘oyalari va tamoyillarini ilgari surish muhim o‘rin tutadi. 

2018-yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning Bosh Assambleyasi maxsus “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Rezolyutsiyada sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida savodsizlik va jaholatga barham berish, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va o‘zaro anglashuvni qaror toptirish alohida ta’kidlangan. 

Kelgusi yilda BMT shafeligida yuqori darajadagi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” konferensiyasini o‘tkazish hamda konferensiya yakunlari bo‘yicha BMTning Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan g‘oyalarni ilgari surish yo‘lida amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishni taklif qilamiz.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

Terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz ular mintaqaviy va global miqyosida samarali muvofiqlashtirib borilgandagina natija beradi.    

Aynan shu sababli ham bugungi forum, qabul qilinajak Toshkent deklaratsiyasi va Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yangilangan Qo‘shma harakatlar rejasi favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qiziqarli muhokamalar, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi taklif va tashabbuslar ishlab chiqilishini tilayman. 

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



  ...