O'zbekiston elchisi Farhod Arziyev Xitoy jamoat xavfsizligi vazirining o'rinbosari – Davlat migratsiya xizmati rahbari Syuy Ganlu bilan uchrashdi.
Muloqot davomida so'nggi yillarda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma'lumot berildi.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasida barcha sohalarda munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, biznes va turizm aloqalari, ta'lim almashinuvlari tobora kengayib, fuqarolarimizning o'zaro safarlari ko'payib borayotgani qayd etildi.
Migratsiya masalalari bo'yicha hamkorlikning muhim yo'nalishlari xususida fikr almashildi.