Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xalqaro turizm markazi – Samarqandning yangi sayqali



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 23-avgust kuni Samarqandga keldi.

Markazdan o‘rin olgan “Boqiy shahar” majmuasi hovlisida samarqandlik nuroniylar, ziyolilar bilan samimiy suhbat bo‘ldi. Ushbu inshootlar xayr-barakali bo‘lishini, bunday yaxshiliklar ko‘p bo‘lishini tilab, duo qilindi.

Shundan so‘ng “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, barchani ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.

- Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘ldi. Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, buyursin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Samarqand – milliy davlatchiligimizga asos bo‘lgan, tariximizdagi ikkala Renessans davrida ham muhim o‘rin tutgan shahar. Shu bois sayyohlar bu yerga asosan qadimiy obidalarni ko‘rish va tabarruk joylarni ziyorat qilish uchun kelar edi. Turizmning boshqa yo‘nalishlari uchun zamonaviy majmualar yo‘q edi.

2019-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha boshlandi - Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda ulkan majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa  jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy me’morchilik an’analarimiz va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdi.

Shu tariqa qisqa vaqtda, pandemiyadagi qiyinchiliklarga qaramay, ushbu ulkan majmua qurib bitkazildi.

Bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

- Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘ladi, deb ishonaman, - dedi Prezident.

Markazga “Buyuk ipak yo‘li” deb nomlanganida chuqur ma’no bor. Bu yerda o‘sha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.

Bu yerda qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasi tashkil etilgan. Unda ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi jarayonlarini sayyohlarga namoyish etadi.

Bu mamlakatimizda sayyohlik industriyasini rivojlantirish borasidagi ulkan ishlarning bir qismi. Yangi turizm markazi kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 1,5 milliondan oshirishda muhim o‘rin tutadi. Umuman olganda, kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazish maqsad qidingan. Eng muhimi, turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi.

Shuningdek, bu yerdagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll yirik anjumanlar o‘tkazish uchun ham sharoit yaratadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar shu yerda bo‘lib o‘tadi. Kelgusi yilda esa, qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.

“Boqiy shahar dostoni” musiqali hikoyasi yangi markazning obrazli ifodasi bo‘ldi. Xalqimiz va dunyo san’ati uyg‘unlashgan shou marosimga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.



  ...