O'zbekistonlik diplomatlar Pekinda O'zbekistonda mashinasozlik, sog'liqni saqlash, farmatsevtika va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari bo'yicha "China General Technology Group" (Genertec) xolding kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashuv o'tkazdi.
O'zbekiston tomonidan loyiha hujjatlari tayyorlanayotgan istiqbolli loyiha takliflari taqdim etilgan. Bundan tashqari, tomonlar farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi loyihalarini muhokama qildilar.
Xitoy kompaniyasi dori-darmonlarni import o'rnini bosish, "GAC" yoki "Jeely" avtomobillarining byudjet modellaridan birining yig'ilishini mahalliylashtirish, shuningdek, O'zbekistonda yangi loyihaga investitsiya kiritish yoki ushbu yo'nalishdagi O'zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilish tamoyillari asosida dastgohlar ishlab chiqarish bazasini yaratish bo'yicha O'zbekiston tomonidan taklif etilgan loyihalarni ko'rib chiqishga kelishib oldi.
"Genertec" - turli tarmoqlar, muhandislik, qurilish va savdo uchun muhandislik bo'yicha ixtisoslashgan davlat xolding kompaniyasi.
Kompaniya Fortune Global 500-ga kiradi, unda 50 mingdan ortiq xodim ishlaydi. 2020 yilda kompaniya aylanmasi 28 milliard dollarni tashkil etdi. "Genertec" O'zbekistonda 2003 yildan buyon temir yo'l, gidroenergetika va qurilish sohalarida loyihalarni amalga oshirish ustida faol ish olib bormoqda.