Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Toshkent ipoteka markazi ochildi



Davlatimiz rahbari 10-avgust kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida tashkil etilgan ipoteka markazini borib ko‘rdi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash doim muhim masala. Davlat va xususiy sektor tomonidan ko‘plab uylar qurilayotgani bunga imkoniyat yaratmoqda. Ularni sotib olish uchun ko‘maklashish maqsadida ipoteka kreditlari taklif etilmoqda. Lekin bu boradagi imkoniyat va tartiblardan hamma ham xabardor emas.

Masalan, joriy yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga budjetdan 13 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Lekin olti oyda aholiga bu mablag‘larning 30 foizi berilgan, xolos.

Shu bois Prezidentimiz 6-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlari tashkil qilish zarurligini aytgan edi.

Birinchi shunday markaz poytaxtimizda ish boshladi. Bu yerda ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgan. Tashrif buyuruvchilarga Toshkent shahrida qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Oldi-sotdi, garov va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi, uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida ham yordamlashiladi. Eng muhimi, barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladi.

– Xalqimiz turmushini yaxshilash uchun qancha qarorlar chiqayapti, qulayliklar yaratilyapti. Lekin ko‘pchilik bundan to‘la xabardor emas. Bilganlar ham qayerga borishni bilmay, ovora bo‘ladi. Bu markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatib, og‘irini yengil qiladi. Endi markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga yanada qulaylik yaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari minglab odamlar tomorqa uchun ipotekadan foydalana olmayotganiga e’tibor qaratib, mutasaddilarga bu bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Tomorqa ipotekasini joriy qilish kerak. Tomorqa ipotekasi bu xalq ipotekasi bo‘ladi, – dedi Prezident.  

Markazda qurilish va developer kompaniyalar o‘z ofislarini tashkil etgan. Xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.



  ...