Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-avgust kuni davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aslida, bu so‘nggi yillarda amalga oshirib kelinayotgan ma’muriy islohotlarning mantiqiy davomidir. Prezidentimizning xalqchil siyosati tufayli davlat xizmatchilari aholiga ancha yaqinlashdi. Xalqni eshitish, mablag‘larni odamlar talabiga qarab yo‘naltirish, “mahallabay” ishlash tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarga samarali faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “navbatdagi muhim vazifa – markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish” ekanini ta’kidlagan edi.

Hozirgi kunda bu sohada 118 ming kishi mehnat qilayapti. Lekin, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q.

Misol uchun, o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushgan.

Qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishni yaxshilashga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun ayrim mutasaddilar vazifalarini eplay olmayapti. Umuman, rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu bois mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi.

Yig‘ilishda ushbu qonunda nazarda tutilayotgan talablardan kelib chiqib, davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishi ta’kidlandi. Shu maqsadda yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi. Bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanadi.

Bu tizim tajriba tariqasida, Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilgan. Yig‘ilishda mazkur viloyat va qo‘mita mutasaddilari uning natijalari haqida aytib berdi. Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliy o‘quv yurtlaridan boshlashi kerakligi qayd etildi.

Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi e’lon qilinadigan bo‘ldi. Dastur doirasida bitiruvchi kurslarda o‘qiyotgan qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, ishga qabul qilinadi. Bunga xorijda o‘qiyotgan yoshlar ham qamrab olinadi.

Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan.

Shu bois Prezident davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun 1 noyabrdan boshlab, eski namunadagi ma’lumotnomadan voz kechilib, xodimning malakasi va erishgan natijalarini ilg‘or texnologiyalar asosida baholaydigan tizimga o‘tiladi. Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldi olinadi.

Shuningdek, tuman va shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi, unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi. Kompetensiyasiga qarab, ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligiga “Vatandoshlar” jamg‘armasi bilan birga “100 ta ilg‘or yetakchi” dasturini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.

Ma’lumki, mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvor etib belgilangan. Barcha sohalarda odamlarga qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, litsenziya olish, xizmatlarga buyurtma berish, turli idoralarga hujjat topshirish, to‘lov tizimlari ancha qulaylashdi.

Lekin, hali ham ko‘p sohalarda qog‘ozbozlik bor. Masalan, subsidiyalar uchun o‘rtacha 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olish kerak. Elektr tarmoqlariga ulanishda ham ortiqcha xarajat va byurokratiya ko‘p. Tibbiyotda qaysi xizmat bepul yoki pulli bo‘lishi, davlatdan beriladigan dorilarning hisob-kitobi va egasiga yetib borishi aniq bir tizimli emas. Qurilish, transport, kommunal xo‘jaligi, standart, karantin idoralarida ham aholi va tadbirkorlarning ishi bitishi qiyin bo‘lgan jarayonlar juda ko‘p.

Shu bois Bosh vazirga har bir vazirlik va hokimlikda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tushunarli va qulay shaklga keltirish, ortiqcha xarajatlar va hujjatlarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Bunda birdan bir mezon – odamlar roziligini olish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun xalqimiz elu yurt rivojiga befarq emas, mahalla ishlarida faol qatnashmoqda. Masalan, “Ochiq budjet” portali orqali aholi tashabbuslari hayotga ko‘chmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 2 mingdan ziyod ana shunday loyihalar boshlandi. Eng muhimi, odamlar ularga o‘zlarini daxldor bilib, qurilgan infratuzilmadan asrab-avaylab foydalanayapti.

Keyingi olti oyda bunday loyihalar uchun yana 1 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Shu bois mutasaddilarga aholi fikri asosida qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Iqtisodiyotda xususiy sektor o‘sib borayotgani sari malakali kadrlarga talab oshib bormoqda. Bu raqobatli bozorda davlat xizmati ham jozibador bo‘lishi kerak.

Shu bois Prezidentimiz davlat xizmatchilari faoliyatining kafolatlari ham kuchaytirilishini ta’kidladi.

Xususan, kelgusi yildan xodimning tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab, rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ularning hayoti va sog‘lig‘i davlat hisobidan sug‘urta qilinadi. O‘z vazifalarini halol va pok bajarayotgan davlat xizmatchilari uchun keksalikni munosib o‘tkazish kafolatlari yaratiladi.

Davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shu paytgacha davlat xizmatchilarining atigi 20 foizi malaka oshirgan. O‘qitish sifati ham zamon talabi darajasida emas.

Shuning uchun xorijiy o‘quv markazlari bilan birga qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Vazirliklar tizimidagi 110 ta malaka oshirish markazi faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, o‘qitish dasturlari va metodikalarini yangilash, ularga malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari, xorijiy hamkorlarning fikrlari eshitildi.



  ...