Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi bo‘yicha tashabbusni yuqori saviyada tashkil etish, turizm sohasidagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, Qo‘qon shahri 2022-yilda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan shaharning madaniy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini takomillashtirish hamda jozibadorligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash;
ziyorat va madaniy meros ob’ektlariga turlarni tashkil qilish va yangi sayohat marshrutlarini ishlab chiqish;
ziyorat va madaniy-tarixiy turizm doirasida muntazam targ‘ibot tadbirlarini tashkil etib borish;
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi to‘g‘risida seminar, simpozium, konferensiya, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda ilmiy-ommabop nashrlarda materiallar e’lon qilish orqali sayyohlarni jalb etish;
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy-tahliliy materiallar, badiiy, teatr va kino asarlari, videoroliklar, kitoblar, tarqatma materiallar va boshqa ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash;
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘zaro hamkorlik orqali “Tabarruk ziyorat” brendini yaratish va targ‘ib qilish;
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek, turkiy xalqlar diasporalari keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan turistlarni mamlakatimizga keng jalb qilish;
tashkil etiladigan turli tadbirlar va loyihalar orqali turkiy xalqlar yosh avlod vakillarining o‘zaro madaniy yaqinlashuviga erishish, ularda milliy urf-odatlar va ajdodlarga hurmat kabi yuksak qadriyatlarni shakllantirish.
2. Quyidagilar:
Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Qo‘qon shahrining “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” maqomini olganligi munosabati bilan 2022-2023-yillarda amalga oshiriladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;
Qo‘qon shahrida joylashgan restavratsiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Qo‘qon shahrining infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) 2023-yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba:
may oyining uchinchi dekadasida Marg‘ilon shahrida “Marg‘ilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida ko‘rgazma va ilmiy-konferensiya;
iyun oyining birinchi dekadasida “Lavanda” festivali;
iyul oyida oliy ta’lim muassasalari talabalari va yoshlar uchun Xalqaro “Turksoy” tashkiloti bilan hamkorlikda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali;
avgust oyining uchinchi haftasida turkiy davlatlarning tadbirkorlik sub’ektlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va uning doirasida “B2B” formatida uchrashuvlar tashkil etiladi;
b) Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida Davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan madaniy merosimiz, buyuk alloma va ulamolarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan bebaho merosini ommalashtirish va targ‘ib qilishga qaratilgan qisqa metrajli va hujjatli filmlar yaratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
4. Quyidagilar:
Turizm va madaniy meros vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi – “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va uning doirasida “B2B” uchrashuvlar hamda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalini yuqori saviyada tashkil qilishga;
Turizm va madaniy meros vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi – “Marg‘ilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida ko‘rgazma va ilmiy-konferensiya hamda “Lavanda” festivalini yuqori saviyada tashkil qilishga;
Kinematografiya agentligi – qisqa metrajli va hujjatli filmlar yaratishga mas’ul hisoblanadi.
5. Turizm va madaniy meros vazirligi 2022-yil 1-oktabrga qadar:
a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida yuritiluvchi “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini (keyingi o‘rinlarda – Platforma) tashkil qilish;
b) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
Platformani Turkiy davlatlar tashkilotining rasmiy veb-sahifasi bilan integratsiya qilish;
Turkiy davlatlar tashkilotining axborot resurslarida Konsepsiya va uning doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni joylashtirish choralarini ko‘rsin.
6. Transport-logistika masalalarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiya (A.Abduxakimov) bir oy muddatda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlardan muntazam va charter aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
7. Turizm va madaniy meros vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
Qo‘qon universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) huzurida Turizm fakulteti va Mehmonxona amaliyoti markazi, Akademik xostel, Akademik turizm markazi, Universitet va aholi uchun ochiq kutubxona va nashriyotni tashkil etish hamda uni turizm masalalari bo‘yicha zamonaviy o‘quv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan ta’minlash;
2022-yil 1-noyabrga qadar Madaniy meros agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Qo‘qon” art-rezidensiyasini tashkil etish;
“Golden Valley Marathon” xalqaro мaрaфонини tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
8. Belgilansinki:
Universitet huzuridagi Turizm fakulteti va Mehmonxona amaliyoti markazi, Akademik xostel hamda Akademik turizm markazi binolarini qurish – Universitet ta’sischilari mablag‘lari;
Universitet huzuridagi ochiq kutubxona va nashriyotni tashkil etish, uni asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash – Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
Universitetni turizmga oid zamonaviy o‘quv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan ta’minlash – Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Innovatsion rivojlanish vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi va Universitet bilan birgalikda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022-yil 1-sentabrga qadar yoshlar va talabalar uchun startap loyihalar tanlovini o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
10. Quyidagilar “Qo‘qon” art-rezidensiyasini saqlash xarajatlari uchun:
Turizm va madaniy meros vazirligi 2024-yil 1-yanvarga qadar byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan;
Moliya vazirligi 2024-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.
11. Turizm va madaniy meros vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Farg‘ona viloyati hokimligining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Farg‘ona viloyatida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros ob’ektlarini aks ettiruvchi “Turkiy dunyo bog‘i”, “Askiyachilar bog‘i” va “Shaxmat bog‘i” nomli tematik bog‘larни barpo etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
12. Belgilansinki:
a) Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan “Turkiy dunyo bog‘i”, “Askiyachilar bog‘i” va “Shaxmat bog‘i” tematik bog‘larida:
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardan tashrif buyurgan turistlar tomonidan manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini tanlab olib ekishi uchun maxsus interaktiv axborotlashtirilgan elektron portal tizimi yaratiladi;
mazkur portalda turistlar uchun manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ularning turlaridan kelib chiqib tanlash va xarid qilish, daraxt va buta ko‘chatlarini ekish joyini belgilab olish imkoniyati yaratiladi;
ekiladigan daraxt va buta ko‘chatlariga turistlar to‘g‘risida ma’lumot biriktiriladi;
b) 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” DUKning turistik axborot markazlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari, chegara o‘tkazish punktlarida bepul joylashtiriladi hamda Konsepsiyani amalga oshirish doirasida respublikaning turizm salohiyati targ‘ib qilib boriladi;
turistik axborot markazlari xodimlarining chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishi turistik axborot markazida faoliyat olib borishini tasdiqlovchi hujjat asosida amalga oshiriladi.
13. Farg‘ona viloyati hokimligi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tematik bog‘lar tashkil qilish uchun yer uchastkalari tanlanishi va ularning belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
14. Ozarbayjon Respublikasining Shemaxa shahri 2023-yilda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Turizm va madaniy meros vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanadigan shaharlar uchun ramziy kalit topshirish marosimini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi:
bir oy muddatda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanadigan shaharlar uchun ramziy kalit ishlab chiqsin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar Ozarbayjon Respublikasining Shemaxa shahriga ramziy kalit topshirish marosimini tashkil qilish choralarini ko‘rsin.
16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Tashqi ishlar vazirligi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini yoritishga doir targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari B.Ibragimov va Farg‘ona viloyati hokimi X.Bozarov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV