Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston: Madaniyatni rivojlantirish – Milliy individuallikni saqlashning asosiy vositasi



Madaniyat va san’at insoniyat tamadduni, milliy o‘zlik va ruhiy barkamollikning asosi bo‘lib, har bir davlat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichidir. Xalqning ma’naviy yuksalishi, uning tarixi, buguni va kelajagini ifoda etuvchi bu sohalarning rivoji zamon talabiga mos yondashuvni taqozo etadi. Shu bois O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar chuqur mazmun kasb etib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san’at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur.”  degan so‘zlari bugungi jarayonlarning asosiy tamal toshidir. Milliy san’atni asrab-avaylash, yosh avlodni uning go‘zalligi bilan tarbiyalash, madaniyatni ijtimoiy hayotning uzviy qismi sifatida mustahkamlash mamlakatimiz taraqqiyotining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda.

Madaniyat va san’at ta’limini rivojlantirish nafaqat professional kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, balki jamiyat ma’naviy uyg‘unligini ta’minlashda ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yoshlarni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi yutuqlari bilan tanishtirish, ularda o‘z tarixiga va san’atiga hurmat hissini shakllantirish uchun zamonaviy va innovatsion ta’lim metodlari joriy qilinmoqda. Kredit-modul tizimidan foydalanish, xalqaro standartlarga mos dasturlarni tatbiq etish, soha mutaxassislarini xorijiy tajribalar bilan boyitish kabi ishlar bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan boy madaniy qadriyatlarni avaylash va ularni zamonaviy texnologiyalar vositasida yangi avlodga yetkazish milliy o‘zlikni saqlash va uni dunyoga namoyish qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish, ularning ilmiy o‘rganilishini kengaytirish va targ‘ibotini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.

O‘zbekistonning milliy san’at maktablari va “Ustoz-shogird” an’anasi milliy va zamonaviy madaniyat uyg‘unligini ta’minlashda o‘ziga xos rol o‘ynamoqda. Yosh iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimiz san’atining porloq kelajagini yaratish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Madaniyat va san’at sohasining rivoji ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida o‘z aksini topmoqda. Bu yo‘nalishdagi har bir qadam – xalqimiz ma’naviy yuksalishi, milliy qadriyatlarimizning e’zozlanishi va Yangi O‘zbekistonni dunyoga namoyish qilish sari intilishdir.

Hozirgi globallashuv jarayoni dunyo xalqlarining turmush tarzini, urf-odatlari va qadriyatlarini yaqinlashtirayotgan, lekin ayni paytda ularning milliy o‘ziga xosligini yo‘qotmaslikka bo‘lgan kurashni ham jadallashtirayotgan davrni yaratmoqda. Shunday sharoitda madaniyat xalqlarning o‘zligini namoyon etuvchi qudratli qurolga aylanadi. Milliy madaniyatlar globallashuvi shiddatida, bir tomondan, o‘ziga xos jozibasi bilan dunyo sahnasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda, boshqa tomondan esa, zamonaviylik bosimi ostida o‘zligini saqlab qolishga intilmoqda.

Madaniyat nafaqat bir xalqning ruhiy manzarasi, balki dunyo hamjamiyatiga ulashadigan boy xazinadir. Shuning uchun mazkur jarayonda milliy madaniyatni saqlash va rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, zamonaviy texnologiyalar yordamida dunyoga tanitish – davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Madaniyatni rivojlantirish, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni zamonaviy asriy g‘oyalar bilan uyg‘unlashtirish orqali globallashuv oqimida milliy ruhiyatni saqlab qolish nafaqat zarurat, balki yuksak maqsaddir. Ushbu jarayonni ijobiy jihatlaridan foydalanib, o‘zbek madaniyatining noyob jihatlarini jahon sahnasida ko‘rsatish millat taraqqiyotining muhim mezoniga aylanmoqda.

Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri



  ...