O'zbekiston elchixonasida Jizzax viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida viloyatning savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Tadbirda Xitoy savdo-sanoat palatalari, yirik kompaniya va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga Jizzax viloyatining eksport imkoniyatlari, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi, xitoy kompaniyalari viloyatning erqin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga taklif etildi.
Tadbir davomida O'zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, yaqin savdo-iqtisodiy almashinuvlar hamda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik loyihalari amalga oshirilayotgani, xitoy kompaniyalarining mamlakatamiz bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanligi ta'kidlandi.
Forum doirasida Jizzax viloyati va Xitoyning bir qator kompaniyalari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Jizzax viloyati delegatsiyasi Xitoyning bir qator provinsiya va shaharlarida iqtisodiy tadbirlar, B2B shaklidagi uchrashuvlar o'tkazishni rejalashtirgan.
"Dunyo" AA muxbiriga bergan intervyularida ba'zi ishtirokchilar o'z fikr va mulohazalari bilan o'rtoqlashdilar.
Chjan Szyaxuan, "Putian Jiayufeng Trading" kompaniyasi bosh direktori:
- Bugun biz O'zbekistonning Pekindagi elchixonasida tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etdik va bu yerda Jizzax viloyatining savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo'ldik.
Bizning kompaniya "Skechers" va "Nike" brendlarining oyoq kiyim mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Kelgusida mamlakatingizda kompaniyamiz mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish rejamiz bor.
Van Veyna, "Henan Tianhewei Energy Technology" kompaniyasi direktori:
- Bugungi tadbir ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Forumda Xitoy va O'zbekiston tadbirkorlari o'zaro hamkorlik bo'yicha atroflicha fikr almashish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Biz qishloq xo'jaligi mahsulotlarini quritish va qayta ishlash yo'nalishida Jizzax viloyati bilan hamkorlik qilish niyatidamiz. Ishonamanki kelgusida hamkorligimiz ko'lami kengayib boradi.