Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning e’tibor markazida bo‘ldi.

O‘zaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat ko‘rgazmasi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firog‘iy asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimoti va hamda unga bag‘ishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya kengaymoqda.

Energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram - Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.



  ...