Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Prezident Qonunchilik palatasi majlisida ishtirok etdi



Toshkent shahrida 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

Birinchi majlisning Muvaqqat kotibiyati, Sanoq komissiyasi hamda Ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olindi va kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berdi.

Siyosiy partiyalar vakillari kengashi taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan Nuriddin Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladilar.

Shundan so‘ng majlisga raislik qilish vakolati Spikerga o‘tdi. Spikerning o‘rinbosarlari ham saylandi. Beshta siyosiy partiyaning fraksiyalari ro‘yxatga olindi, ularning kelishilgan takliflariga muvofiq Qonunchilik palatasida o‘nta qo‘mita tuzildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining boshida deputatlarni saylangani bilan tabriklab, bu xalqimizning yuksak ishonchi va hurmati ifodasi ekanini ta’kidladi.

Bu yilgi parlament saylovi yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirgani alohida qayd etildi. Shuningdek, bu jarayon birinchi marta aralash saylov tizimida o‘tdi.

Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Ularning 57 nafari ayollar, 11 nafari 35 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar bo‘ldi. Umuman, bu yil quyi palata tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi.

Palataning so‘nggi besh yildagi faoliyatiga baho berildi. Bu davrda mamlakatimiz Konstitutsiyasi yangilandi. 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu – oldingi davrga nisbatan 1,5 karra ko‘p.

Prezident parlament e’tiboridan chetda qolgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Masalan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament va deputatlik nazorati kuchidan to‘la foydalanilmayapti. Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmoqda.

Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasi oldidagi yangi vazifalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida har bir qo‘mita qoshida ularning vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzish taklif etildi.

Parlament qo‘mitalari vazirliklar bilan ishlashda faqat nazorat va talab etish emas, balki ular bilan yaqindan hamkorlik qilishi muhim. Partiyaviy va fraksiyaviy intizomni mustahkamlash masalasi ham asosiy e’tiborda bo‘lishi kerak.

Prezident qonun ijodkorligi, avvalo, jamiyatdagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilishi kerakligini ta’kidlab, qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy turar joylar qurish, fuqarolarning uy-joy qurilishiga yo‘naltirgan mablag‘larini kafolatli himoya qilish, xususiy ta’lim va elektr energetikasi sohasida investorlarni qo‘llab-quvvatlash, majburiy tibbiy sug‘urta va sun’iy intellektni qo‘llash, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

G‘oyalar kurashini jonlantirish uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berish taklif qilindi.

Parlament nazoratida keng ko‘lamli, sifatli nazorat tizimiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizga ko‘ra, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Shu bois palataning bu boradagi ishini yanada kuchaytirish, jumladan, Hukumatning davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga o‘tish kerakligi aytildi.

Davlatimiz rahbari investitsiya dasturlarini tayyorlashda deputatlar ham ishtirok etadigan, ularning fikri inobatga olinadigan tizim yaratish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, hududlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish taklif etildi.

Fuqarolarning tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etish haqida fikr bildirildi.

Parlament diplomatiyasi – davlatimiz tashqi siyosatida muhim vosita. Bunday aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Prezidentimiz o‘ttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega O‘zbekistondek katta davlatning parlamenti a’zosi bo‘lish ulkan sharaf ekanini ta’kidladi.

– Deputat bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda O‘zbekiston manfaatlarini qat’iy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz avvalo sizlarga tayanamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majlisda siyosiy partiyalar fraksiya rahbarlari va deputatlar so‘zga chiqdi. Prezidentimiz fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, deputatlarni jonkuyar va xalqparvar bo‘lishga undadi.

– Siz joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozisizlar. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib bo‘lishingiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni ko‘z oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham o‘ylab ish tutsangiz, elimiz sizdan rozi bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Majlisda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarorlari qabul qilindi.



  ...