Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

​​​​​​​O‘zbekiston Prezidenti SHHTni yanada rivojlantirishning eng muhim jihatlarini belgilab berdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishining tadbirlarida ishtirok etayotgan SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalarining rahbarlarini qabul qildi.

Uchrashuvda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, shuningdek, Tashkilot bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.

Ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor vazifalari va SHHTni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonning birlashmaga raisligi davomida o‘tgan davrda birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda joriy yil sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan sammit kun tartibiga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari SHHT mamlakatlari vazirlariga murojaat qilar ekan, bugun dunyo oqibatlarini prognozlashtirish qiyin bo‘lgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan tub transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotganini ta’kidladi. Global miqyosda ishonch va o‘zaro anglashuv taqchilligi tobora o‘tkir sezilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi an’anaviy kooperatsiya va logistika zanjirlari buzilayotgani, jahon mamlakatlarining aksariyatida oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskinlashib, inflyatsiya ko‘rsatkichlari shiddat bilan o‘sayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlashib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Bunday murakkab sharoitda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga mos ravishda chora ko‘rish uchun sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va ko‘p tomonlama asosda yaqindan hamkorlik qilishga ehtiyoj kuchayib bormoqda.

SHHTga va ushbu tashkilot bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib borayotgani ham bejiz emas. Bugungi kunda o‘ndan ortiq mamlakatdan tashkilot faoliyatida u yoki bu maqomda ishtirok etish bo‘yicha kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilmoqda.

Prezidentimiz SHHT o‘zining siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyatiga ko‘ra eng qudratli birlashmalardan biri ekanini qayd etdi. Tashkilot mamlakatlari hissasiga jahon YAIMning qariyb chorak qismi va sayyoramiz aholisining yarmi to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonning SHHTga raisligiga to‘xtalar ekan, mamlakatimiz yetakchisi 70 dan ziyod yirik tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Samarqand sammiti yakunida qabul qilinishi ko‘zda tutilgan 28 ta hujjatni kelishish jarayonlari yakunlandi.

Mintaqa ichidagi savdoni, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha konseptsiya va dasturlar shular jumlasidan. “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha va tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari SHHTni yanada rivojlantirishning qator prinsipial jihatlarini belgilab berdi. Bular – Tashkilotning hech qanday bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlash, yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirish, Markaziy Osiyoning SHHTning “geografik o‘zagi” sifatidagi o‘rnini saqlab qolish, transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini ilgari surish hamda Afg‘onistonni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga yanada faol jalb qilish.

Uchrashuv yakunida SHHT makonida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga O‘zbekistonning intilishi qat’iy ekani yana bir bor qayd etildi.

Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘z mamlakatlari yetakchilarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.



  ...