Boku shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini BMTning Iqlim bo‘yicha sammiti (COP29) muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Joriy yil avgust oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yilida hamkorlik yuksak darajaga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va shaharsozlik hamda boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Loyihalar portfelini, shu jumladan Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb etgan holda yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuvni davom ettirish, shuningdek, 2025-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlash doirasida keng qamrovli tadbirlar dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida Xonkandi shahrida qo‘shma tikuvchilik fabrikasini ishga tushirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.