Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)dagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Janobi Oliylarini bugungi tarixiy Konferensiyani go‘zal Bok-u shahrida yuksak darajada tashkil etgani bilan samimiy tabriklayman.

Biz Ozarbayjonning zamonaviy iqlim tahdidlariga qarshi kurashish yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq- ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda.

Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda.

Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdir.

Bu borada biz O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib borayapmiz. 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilganmiz. Bu majburiyatni 2050-yilga qadar yanada kengaytirishga tayyormiz.

“Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshiramiz. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablarini yaratayapmiz. “Yashil makon” dasturimiz doirasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytiryapmiz.

Qo‘shni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolaymiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda o‘zining amaliy hissasini kengaytirish niyatida.

Birinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish dolzarbdir.

Bu borada Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etishni taklif qilamiz.

Ikkinchidan, transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilma-xilligini saqlashda yagona yondashuvlar zarur.

Mintaqamiz misolida aytib o‘tmoqchimanki, bir avlod ko‘z o‘ngida Orol dengizining butunlay yo‘qolishi sayyoramiz miqyosidagi fojiaga aylandi. Shu o‘rinda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish tarafdorimiz.

Uchinchidan, ko‘p tomonlama yetakchi tuzilmalar ishtirokida o‘simliklarning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini ishga tushirishni reja qilganmiz.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining innovatsion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari suramiz.

To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etishni va uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazishni taklif qilamiz.

Beshinchidan, kelgusi yili 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivalida davlatlaringiz vakillarini kutib qolamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

O‘zbekiston umumiy farovonlik va “yashil” taraqqiyot yo‘lida ochiq muloqot va sheriklikka doim tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlayman.



  ...