Dubayda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon EXPO ko‘rgazmasida O‘zbekiston energetika sohasining zamonaviy rivojlanish istiqbollari taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika kompleksini (YOEK) isloh qilishning hozirgi bosqichi, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini jadal rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, energetika sohasini isloh etish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va oshirishdan maqsad O‘zbekistonning energetika xavfsizligini ta’minlashdan iborat bo‘lib, buning natijasida mamlakatimizning hozirgi va kelajakdagi aholisini hamda o‘sib borayotgani iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlashga qaratilgan.
So‘nggi 5 yil ichida mamlakat energetika sohasi bozor munosabatlarini real raqobat sharoitiga o‘tkazish, shuningdek, so‘nggi o‘n yilliklarda ushbu holatga e’tibor berilmagan infratuzilmani yangilash jarayonlarini jadal olib bormoqda.
Respublika iste’molchilarining energiya resurslariga o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida mamlakat rahbariyati tomonidan Energetika vazirligi oldiga ekspert tahlillari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarishni 2 baravarga, ya’ni 2030 yilga borib 135,0 milliard kVt.soatgacha oshirish vazifasi qo‘yildi (2021 yilda bu ko‘rsatkich 71,4 milliard kVt.soatni tashkil qildi).
Demak 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, iste’molchilar soni 7 million 515,9 ming nafarni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 1194,8 ming nafarga ko‘paygan. Ulardan 356,3 ming nafari yuridik iste’molchilar bo‘lib, ularning soni 88,9 ming nafarga oshdi.
2016 yilda respublika bo‘yicha o‘rtacha kunlik elektr energiyasi iste’moli ko‘rsatkichi 142,1 million kVt.soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 205,1 million kVt.soat yoki 44,3 foizga oshdi.
So‘nggi yillarda elektr tarmoqlari va transformator punktlarini, ya’ni iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishga xizmat qiluvchi infratuzilmani yangilash va modernizatsiya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi besh yilda 40 ming 700 kilometrgacha past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari modernizatsiya qilindi va yangidan qurildi, bu 1991-2016 yillar, ya’ni avvalgi 25 yilga nisbatan (25 yilda 9 ming 300 km edi) qariyb 4,4 barobarga ziyodni tashkil qildi.
2017 yildan buyon transformator punktlari umumiy sonining 15 foizi, ya’ni qariyb 13 000 donasi modernizatsiya qilindi va yangilandi.
Birgina joriy 2022 yilning o‘zida 28 000 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari (2021 yilga nisbatan 6 foizga ko‘p) va 9 700 ta transformator punktlari (o‘sish 8 foiz) ta’mirlanadi. Infratuzilmani yangilash bo‘yicha vazifalar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. 2026 yilga qadar 80 000 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 20 000 dan ortiq transformator punktlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi.
Taqdimotda elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari asosidagi o‘sishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kabi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda quyosh fotoelektr stansiyalarini (FES) qurish ishlari muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
«Masdar» kompaniyasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshirildi. Mazkur amirlik kompaniyasi Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi FES loyihalari uchun investorlarni aniqlash bo‘yicha tenderlar g‘olibi ham hisoblanadi.
Shuningdek, joriy yil oxirigacha Samarqand viloyatida umumiy quvvati 21 megavatt bo‘lgan 3 ta GES foydalanishga topshiriladi. Ayni paytda To‘palang, Bo‘zsuv, Oqqavoq va Kirov GESlarini modernizatsiya qilish jarayoni davom etmoqda, ularning umumiy quvvati jami 152 megavattga oshiriladi.
2026 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqarish hajmini 25 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Hozirgi vaqtda elektr energiyasining asosiy qismi (90% gacha) issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Energetika tizimining mavjud ishlab chiqarish quvvati bugungi kunda 14 563 MVtni tashkil etadi. 2000 yilda bu ko‘rsatkich 7 750 MVtni, 2016 yilda esa 10 830 MVtni tashkil qilgan. Ya’ni 16 yil davomida 3 000 MVt ishga tushirilgan bo‘lsa, xuddi shunday hajmdagi quvvatlar so‘nggi 5 yilda ishga tushirildi. Ya’ni, 2017-2021 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarining bunday o‘sishiga asosan Navoiy, Tallimarjon, Toshkent va Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalari hamda Farg‘ona issiqlik elektr markazida yangi bug‘-gaz qurilmalarini (BGQ) ishga tushirish hisobiga erishildi. Shuningdek, 900 MVt quvvatga ega yangi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
O‘zbekistonda joriy yil oxiriga qadar umumiy quvvati 1 474 MVt bo‘lgan issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Natijada energetika tizimining umumiy quvvati 16 ming megavattdan oshadi, bu 2016 yilga nisbatan 53 foizga ko‘pdir.
Ishlab chiqarish hajmlarini oshirish – yangi elektr stansiyalarini qurish va ishga tushirish hisobiga ham davom ettirilmoqda va bu yo‘nalishda 2022 yilni misli ko‘rilmagan, deya atash mumkin.
Bu kabi ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi va natijada mamlakatimiz energetika tizimining quvvatini 2026 yilga borib 27 400 MVtga, 2030 yilga borib esa 32 000 MVtga oshirilishi rajalashtirilgan.
Taqdimot davomida energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalar va uskunalar joriy etishning o‘rni ta’kidlangani holda bunda ushbu sohada tan olingan xalqaro yetakchilar bilan hamkorlikda ishlar olib borish muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Mamlakatimizning energetika xavfsizligini ta’minlash, energetika sohasini bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida rivojlantirishning qonunchilik bazasini shakllantirish jarayoni jadal davom etmoqda. Bu esa nufuzli xalqaro kompaniyalarga O‘zbekiston energetikasini rivojlantirishda yanada faolroq ishtirok etish imkonini beradi. Mamlakatimiz energetika sohasida ro‘y berayotgan bozor o‘zgarishlariga yorqin misol sifatida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yangi elektr stansiyalari, jumladan, issiqlik (IES), quyosh fotoelektr (FES) va shamol (SHES) asosida qurilayotgan elektr stansiyalarining ishga tushirilishini keltirish mumkin.
DXSH asosidagi loyihalar tender, ya’ni raqobatbardosh bozor tamoyillari asosida amalga oshiriladi, tender savdolarida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari tomonidan texnik yordam ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, tender g‘olibi hujjatlarni ishlab chiqish, yangi elektr stansiyasini qurish va ishlatish uchun javobgar hisoblanadi. Investor bilan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha uzoq muddatli (25 yil davomida) shartnoma tuziladi. Qoidaga ko‘ra, tenderda g‘olib chiqishning asosiy mezonlaridan biri – elektr energiyasini sotib olish tariflari bo‘yicha iste’molchilar uchun qulay narx taklifidir. Shunday qilib, so‘nggi 3 yil ichida zamonaviy O‘zbekistonning energetika sohasida jadal joriy etilgan bozor qoidalari bu sohada sog‘lom raqobatni vujudga keltirish imkonini bermoqda, buning natijasida, yurtimizga eng yaxshi xalqaro tajribaga ega bo‘lgan tobora ko‘proq mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar kelishiga zamin yaratilmoqda.
Bugungi kunga qadar elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha jami 20 ga yaqin shartnomalar imzolangan bo‘lib, bu energetika sohasida raqobat muhitini yaratishda muhim qadam hisoblanadi. Mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida – Total Eren SA (Fransiya), Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar (BAA), Aksa Enerji Üretim A.Ş. (Turkiya), Cengiz Enerji San. ve Tic A.Ş. (Turkiya), Nidro Enerji Elektrik Uretim Sanayi A.Ş. (Turkiya), ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Stone City Energy (Niderlandiya) va boshqalar bor.
Elektr energetikasi sohasini isloh qilishni faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzurida Loyiha ofisi tashkil etilgan bo‘lib, u xalqaro moliya institutlari, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tizimli ravishda ish olib boradi. Unda turli mamlakatlarning energetika tarmoqlarini isloh qilishda katta tajribaga ega xalqaro ekspertlar jalb etilgan.
Loyiha ofisi mutaxassislari tomonidan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uch bosqichdan iborat elektr energiyasining ulgurji raqobatbardosh bozoriga o‘tish ketma-ketligini o‘z ichiga olgan Konsepsiya ishlab chiqildi.
Birinchi bosqichda elektr energetikasi korxonalarini liberallashtirish va elektr energiyasini sotishni xohlovchi xususiy korxonalar uchun litsenziyalar olish nazarda tutilgan.
Elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji bozoriga o‘tishning ikkinchi bosqichida elektr energiyasini taqsimlash tizimining operatori yaratiladi, elektr energiyasini iste’molchilarga sotish funksiyalari bosqichma-bosqich yetkazib beruvchilarga o‘tkaziladi. Iste’molchilar elektr energiyasini onlayn savdo platformasi orqali yoki raqobat muhitida ishlaydigan yetkazib beruvchilar orqali sotib olishlari mumkin, bu esa elektr ta’minoti uchun eng yaxshi taklif bo‘lib xizmat qiladi.
Uchinchi bosqich – “kunlik (soatlik) savdo”. Unga muvofiq, rejalashtirilgan asosda savdo maydonchasida soatlik ishlab chiqarish va elektr energiyasini iste’mol qilishning ortiqcha yoki kam hajmlarini onlayn sotib olish va sotish jarayonlari amalga oshiriladi.
Energetika vazirligining EXPO ko‘rgazmasidagi taqdimoti amalga oshirilayotgan islohotlarga ham, DXSHga asoslangan loyihalarda ishtirok etishga ham katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kunda energetika tenderlarida 80 ga yaqin investorlar ishtirok etmoqda, bu esa, xalqaro kompaniyalarning mamlakatimizda loyihalarni amalga oshirish istagi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.