Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
“Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasining barcha ishtirokchilarini qutlashdan bag‘oyat mamnunman.
Ushbu forumni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga alohida minnatdorlik bildiraman.
Anjuman ishida BMT Bosh kotibining vakili janob Markus Potsel ishtirok etayotgani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi maqsadlarga qat’iy sodiq ekanidan dalolat beradi.
Yevropa Ittifoqi va Yevropa mamlakatlari, Xitoy, Rossiya, AQSH, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalari davlatlari maxsus vakillarining konferensiyada ishtirok etayotgani esa bugungi uchrashuvning ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda. Sizlar Afg‘oniston muammolarini hal etish va afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda bevosita qatnashib kelmoqdasiz.
Biz bugungi forumda Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar va yetakchi tahlil markazlari vakillarini ko‘rib turganimizdan xursandmiz.
Anjumanda ishtirok etayotgan Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi janob Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi nufuzli Afg‘oniston delegatsiyasini ham qutlaymiz.
Mazkur konferensiya Afg‘onistonning yangi hukumati bilan afg‘on xalqi va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlarini har tomonlama hisobga olishga asoslangan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy fikr almashish uchun imkon yaratadi, deb ishonamiz.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
O‘zbek va afg‘on xalqlari ming yillar davomida yonma-yon yashab keladi. Bizni umumiy madaniy, ma’naviy va tarixiy qadriyatlar, yagona din va buyuk ajdodlarimizning merosi birlashtirib turadi.
Ta’kidlash kerakki, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
Shu sababli o‘zining yangi tarixida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg‘onistonga nisbatan dunyoda e’tibor susayib borayotgani xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi.
Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va bu maqsadga albatta erishish lozim.
Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar. Shu bois bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir, chunki gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda.
Hozirgi paytda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati mamlakatda tinchlikni qaror toptirish bo‘yicha muayyan qadamlar qo‘ymoqda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga harakat qilmoqda. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur.
Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda.
Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz.
Bunday yondashuv Muvaqqat hukumatga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon-atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollar ochadi.
Qadrli do‘stlar!
Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya ham Afg‘onistonda tinchlikni saqlash xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi.
Biz, butun xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. Biz o‘z sa’y-harakatlarimizni Afg‘onistonni tinch, barqaror va farovon o‘lkaga, terrorizm, urush va narkotik moddalardan xoli mamlakatga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim.
Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi zarur. Ayni shunday qarash jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblandi. Bu yo‘nalish, xususan, mamlakatning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga doir va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar jihatdan qayta tiklashga ko‘maklashish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga, jumladan, yirik transmintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surgan holda, salmoqli hissa qo‘shmoqda.
So‘zimning nihoyasida bugungi konferensiya foydali bahs-munozaralar uchun hamda Afg‘oniston xalqining manfaatlari va orzu-intilishlariga javob beradigan, o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda samarali muloqot maydoni bo‘ladi, deb umid qilaman.
Konferensiya faoliyatiga, uning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti