O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda vazirlar Aleksey Chekunkov va Sergey Kravsov ham qatnashdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston-Rossiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Dmitriy Chernishenko davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat Raisi Mixail Mishustinning salomini yetkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari faoliyati va O‘zbekistonda ularning yangi filiallarini ochish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz hududlarining Rossiyaning Uzoq Sharqdagi hududlari bilan amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma madaniy va sport tadbirlarini o‘tkazishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.