Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga



Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ko‘pmillatli ahil jamoasini O‘zbekiston sanoatining faxri bo‘lgan ushbu yirik ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilganining 75 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

O‘zining shonli an’analari bilan dunyo miqyosida shuhrat qozongan bu ko‘p tarmoqli kombinat sizlar kabi yuksak malakali konchi va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilarning fidokorona mehnati bilan respublikamizning iqtisodiy qudrati va xalqimiz farovonligini oshirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida mavjud xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan milliy sanoatni rivojlantirishdek ustuvor vazifani ado etish maqsadida keyingi yillarda bu yerda keng miqyosdagi modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu haqda gapirganda, “Qalmoqqir”, “Angren”, “Chodak”, “Xonjiza” maydonlari va yangi ochilgan “Yoshlik – 1” konidagi xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan 6 ta korxona va 5 ta boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari hamda boshqa ishlab chiqarish infratuzilmalari barpo etilganini qayd etish lozim. Ana shunday muhim o‘zgarishlar tufayli kombinat mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi o‘ttizta eng yirik majmua qatoridan munosib o‘rin olgani barchamizni albatta mamnun etadi.

Bugungi kunda bu yerda yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlaydigan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Yaqinda Olmaliqda bo‘lib, sizlar bilan birgalikda ana shunday quvvatga ega bo‘ladigan 4-mis boyitish fabrikasi qurilishini boshlaganimiz ham alohida e’tiborga loyiq. Ushbu fabrikalar ishga tushishi bilan kombinat bo‘yicha yiliga 160 million tonna xomashyoni qayta ishlash imkoni paydo bo‘ladi. Aytish kerakki, bu – O‘zbekiston sanoati tarixidagi mislsiz natijadir.

Sanoatning drayver sohalarini rivojlantirish va hududlar salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan jadal va tizimli ishlarimiz tufayli kombinatda Toshkent viloyati aholisi uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi diqqatga sazovordir.

Aziz yurtdoshlar!

Ma’lumki, biz tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish uchun yirik investitsiyalarni jalb etish, sanoat sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Shu maqsadda kombinat tarkibida tashkil etilgan, dunyodagi ilg‘or tajribalar, jumladan, dual ta’lim dasturlariga muvofiq faoliyat yuritayotgan Muhandislik maktabiga biz katta ishonch bilan qaraymiz. Shuningdek, Olmaliqdagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ham bu borada oldimizda turgan vazifalarni bajarishga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim. Biz ushbu oliygohlarning 
moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasini mustahkamlash ishlarini davom ettiramiz.

Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun kombinat ishchi va xizmatchilarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, ularning ish va dam olish sharoitlarini yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlarimiz albatta yangi bosqichga ko‘tariladi.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan majmuaning bir guruh ishchi-xizmatchilarini chin dildan tabriklab, kelgusi ishlarida yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas bo‘g‘iniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan Yangi O‘zbekiston davlatini barpo etishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi yetakchi sanoat korxonalarining beqiyos o‘rni va ahamiyatini mustahkamlashda sizlarga yangidan-yangi zafarlar tilayman.

Barchamiz uchun qadrli, shonli tarix va yorug‘ kelajakka ega bo‘lgan kombinat hayotidagi bugungi qutlug‘ sana bilan sizlarni yana bir bor muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mehnat faoliyatingizda omad va muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



  ...