Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Kelajakda hamma soha ekologiya bilan hamohang bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – “Green University”da bo‘ldi.

Ilgari bu sohada yaxlit oliy ta’lim dargohi yo‘q edi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 31-maydagi qarori asosida tashkil etilgan mazkur universitetda zamonaviy ekologik yo‘nalishlar  qamrab olindi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish choralari ko‘rilmoqda. Ma’lumki, bu iqlim o‘zgarishlari, suv va energetika sofligi, sog‘lik, ta’lim, iste’mol va ishlab chiqarish kabi 17 ta farovonlik vazifalarini qamrab olgan bo‘lib, ular ko‘p jihatdan kadrlar malakasiga bog‘liq. Shu bois universitetda atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasida ommaviy kommunikatsiyalar yo‘nalishlari ochilgan.

450 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi ta’mirlanib, zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Xonalar sohaga doir anjomlar, kompyuterlar va sun’iy intellekt uskunalari bilan jihozlangan. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun AQSH, Buyuk Britaniya, Meksika va Fransiyadan chet ellik o‘qituvchilar ham jalb etilgan.

Prezident universitet mutaxassislari va talabalari bilan suhbatlashdi.

- Hozir ekologiya xuddi raqamli texnologiyalarday dolzarb. Kelajakda hamma soha atrof-muhit bilan hamohang bo‘ladi. Shuning uchun bu yerda ekologik iqtisodiyot, moliya, huquq kabi yo‘nalishlar tashkil etildi. Endi dual ta’limni kengaytirib, bu yerdagi bilimlarni tezroq joylarda tatbiq qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga ekologiya sohasida quyi bo‘g‘in kadlarini tayyorlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatda texnikumlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Universitetda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va kasbiy tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv dasturlari ular bilan hamkorlikda, “fan-ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan.

Zamonaviy laboratoriya talabalarni ilmga jalb etish, tajribasini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Unda yer, suv, bioxilma-xillik va chiqindi namunalari har xil muhitda tekshirilib, ilmiy xulosalar beriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriyani ham ko‘zdan kechirdi.

- Bu yerda ilmiy salohiyat bor, zarur uskunalar bor. Bundan samarali foydalanish kerak. Masalan, yer-suv sharoitlari og‘ir tumanlar bo‘yicha shartnoma asosida tahlillar o‘tkazish mumkin. Bu ikki tomonlama manfaatli bo‘ladi, - dedi Prezident.

Muassasada fanlararo tadqiqotlar qilish, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv jarayoni “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etilgan. Bu yaxlit o‘quv tizimini yaratish, resurslarni optimallashtirish, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligini oshirish kabi jihatlar bilan ajralib turadi.

Universitetning imkoniyatlarini kengaytirish uchun kelgusida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi sobiq kollejlar binolari ta’mirlanib, kampusga aylantirilishi rejalashtirilgan.



  ...