Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati va yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Iqtisodiy islohotlar barcha tarmoqlarda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. So‘nggi olti yilda Olmaliq kombinatida sanoat mahsuloti 1,8 baravar, mahalliylashtirish 7,7 baravar, investitsiya 13 baravar oshgan. “Raqamli OKMK – 2030” strategiyasi doirasida 70 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.

Ayni paytda yangi majmualar qurilib, mavjud quvvatlar oshirilayotir. Kombinatning 75 yillik tarixi davomida 2 ta fabrika barpo etilgan bo‘lsa, endi bunga ko‘p ketmadi. 2021-yilda “Yoshlik-1” koni negizida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlangan edi. Endi bu loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi hayotga ko‘chmoqda.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, ushbu yangi zavod qurilishini boshlab berdi.

Qiymati 5,3 milliard dollarlik bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush olish quvvatlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 1,9 milliard dollarga yetadi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Loyihaga Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari jalb qilingan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llanishini belgilangan.

Aytish joizki, hozirgi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 5-mis boyitish fabrikasi ham loyihalashtirilmoqda.



  ...