Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Davlat rahbari Olmaliq kombinatidagi yirik majmua qurilish maydonida bo‘ldi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Olmaliqdagi “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi ishlaydi.

O‘tgan yili 148 ming tonna mis, 17 tonnadan ziyod oltin, 162 tonna kumush ishlab chiqarilgan. 1 milliard 100 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.  

Keyingi yillarda geologik qidiruvlar va investitsiyalar miqdori oshgani natijasida ishlab chiqarishning yangi imkoniyatlari topilmoqda. Shulardan biri – “Yoshlik-1” koni. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham salmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.

Davlatimiz rahbari mazkur konda bo‘lib, qazish ishlarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

“Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. Uning qurilishiga 2021-yil 29-iyulda tamal toshi qo‘yilgan edi.

Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar bo‘lib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yo‘l yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qo‘yilgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan. Fabrika va  boshqa infratuzilmalar qurilishi jadal ketmoqda.

Prezidentimiz bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan atroflicha tanishdi. Bo‘lajak zavodning iqtisodiiy samaradorligi, unda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi.

Mazkur fabrika birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. 5 ming 600 kishining bandligi ta’minlanadi.

Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi. Muhandislik, dasturiy ta’minot va kasb-hunar ta’limi yangi darajaga chiqmoqda. Yangi turar joylar va xizmatlarga talab paydo bo‘lmoqda.

Fabrikada logistika jarayoni ham qulaylashtiriladi. Fabrikaning barcha korpuslari orasida konveyerlar bo‘ladi. Bu yuk ortish va tashishni bartaraf etib, xarajatlarni qisqartiradi.

Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028-yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.

Xalqaro baholash mezonlariga ko‘ra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob ko‘rsatkichlardir.

Yana bir muhim tomoni, bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, elektr texnikasi, elektromobillar sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030-yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj 40 foizga ortishi kutilmoqda.

Ya’ni, Olmaliq kombinati mahsulotlariga uzoq yillar davomida xalqaro darajada bo‘ladi. Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko‘payib, uning qiymati qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari “Enter Steel” mexanika ta’mirlash korxonasi ustaxonalarida ham bo‘lib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.



  ...