O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yili 20-21-iyul kunlari Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.