24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev telefon orqali muloqot qildilar.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, birodar O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Prezidentlar joriy yil 21-22-iyun kunlari mamlakatimizda o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlarning sermahsul natijalarini yuqori baholadilar.
O‘zbekiston-Ozarbayjon muzokaralari yakunida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hukumatlar va idoralar darajasida faol muloqotlar va almashinuvlar davom etayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atlari yuqori va barqaror ekani, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha birgalikda samarali ishlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga, shu jumladan shu yili noyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.