Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya Kansleri ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols 16-sentabr kuni Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbirda Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi parlament davlat kotibi Mixael Kellner, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms, “KNAUF”, “CLAAS”, “Mangold Consulting”, “Gunter Papenburg”, “Siemens Energy”, “Linde Group”, “Aurubis”, “FALK PORSCHE”, “Metso”, “Edison technologies”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy Group”, “Rhenus”, “HMS Bergbau”, “Textima” yetakchi kompaniyalar, shuningdek, “KfW Development Bank”, “AKA Bank” kabi banklarning rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlab, tadbir tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani ramziy ekanini ta’kidladi.

Kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar yakunlariga yuksak baho berildi. Ularda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining iqtisodiyot tarmoqlarini chuqur transformatsiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlangani alohida qayd etildi.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan Sanoat va texnologik sheriklik bo‘yicha qabul qilingan strategik dastur doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgani uchrashuvning asosiy natijasi bo‘lgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralarining faol va amaliy ishtirokida o‘zaro manfaatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Bu "yashil energetika", kimyo sanoati, "yashil vodorod" ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, o‘ta muhim mineral resurslar konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, keyinchalik Germaniya va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda Germaniya kompaniyalarining ishtiroki istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.

Energetika, transport-kommunikatsiya, kommunal va turizm infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologiya sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga kiradi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Germaniya biznesining O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

Shu ma’noda, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, energetika, kimyo, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik, tibbiyot va boshqa sohalarda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish kerakligi ta’kidlandi.

- Uchrashuvimizni yangi formatda tashkil etdik. O‘zbekiston tomonidan, asosan, so‘nggi yillarda mustahkam oyoqqa turib olgan va Germaniya biznesining munosib hamkori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti barcha ishtirokchilarga belgilangan rejalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘z navbatida, Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, mavjud sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi hamda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda dadil ishtirok etishga chaqirdi.



  ...