O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Behzod Yo‘ldoshev 2024-yil 28-avgust kuni 79 yoshida vafot etdi.
B.Yo‘ldoshev 1945-yil 9-mayda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat universitetini fizika mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1968 yilda Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti stajor-tadqiqotchisi sifatida boshladi. 1972-yilda nomzodlik, 1982-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan olim Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida o‘zining yuksak ilmiy va tashkilotchilik salohiyatini namoyon etdi. Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy natijalarni iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llash ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda Fanlar akademiyasi prezidenti sifatida ilm-fan sohasini modernizatsiya qilish, akademiya tuzilmasini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirishga rahbarlik qildi.
Yorqin iste’dod va chuqur bilimga ega bo‘lgan B.Yo‘ldoshev uzoq yillik ilmiy faoliyati davomida yadro fizikasi va elementar zarrachalar fizikasi bo‘yicha ko‘plab kashfiyotlar muallifi sifatida tanildi. Olimning 400 dan ortiq ilmiy ishlari, monografiyalari, yadro tadqiqotlari bo‘yicha fundamental tadqiqotlari nufuzli xorijiy nashrlarda chop etilgan. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.
U Xalqaro atom energiyasi agentligida fan bo‘yicha maslahatchi, AQSHning Vashington va Stenford universitetlari, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti professori lavozimlarida ishlagan. Bir qator rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy laboratoriyalarda xalqaro tadqiqotchilar guruhlari tomonidan bajarilgan yirik eksperimentlar hamda yadroviy xavfsizlikni mustahkamlash va yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.
B.Yo‘ldoshev yurtimizda milliy parlamentarizmni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. 2000-2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borib, ilm-fan sohasini rivojlantirishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda o‘zining jonkuyarligi va fidoyiligini namoyon etdi.
Akademik B.Yo‘ldoshevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni bilan mukofotlangan edi.
Fidoyi olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Behzod Yo‘ldoshevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.Ayupov