Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti mintaqada ko‘p tomonlama hamkorlikning samaradorligini oshirishni taklif etdi



21-iyul kuni Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligidagi sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdmmuhamedov ishtirok etdilar.

Mintaqaviy xavfsizlikka zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda chora ko‘rish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari, Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarini davom ettirish maqsadida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ushbu formatda yo‘lga qo‘yilgan muntazam muloqot tufayli Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq bo‘linganini ta’kidladi.

- Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni izchil hal qilib kelayapmiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Bu borada ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi, fuqarolarimiz erkin harakatlanishi, faol madaniy va turistik almashinuvlar amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. O‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi.

Mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishdi, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqda, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

- Eng muhimi – barcha ijobiy o‘zgarishlarni birodar xalqlarimiz his qilmoqda, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Shu bilan birga davlatimiz rahbari jahondagi murakkab vaziyat mintaqamizga ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Xalqaro tartibotning oqibatlarini prognoz qilish og‘ir bo‘lgan shiddatli transformatsiyasi kuzatilmoqda. Dunyo global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi ortib borayotganining guvohi bo‘lmoqda.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalar kuchaygani natijasida mamlakatlarimiz an’anaviy logistika zanjirlari uzilishi muammosiga duch kelmoqda, inflyatsiya importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikka xatarlar karrasiga ko‘paydi.

- Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada oshmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Alohida qayd etaman, butun mintaqaning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligimizga bog‘liq.

O‘zbekiston Prezidenti dolzarb masalalar yuzasidan nuqtai nazarini bayon qildi hamda ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Ijobiy sur’atga qaramasdan mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati ro‘yobga chiqarilmasdan qolayotgani ta’kidlandi. Bugun mintaqa ichidagi savdo hissasiga turli hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakatlarimiz o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlashning 5 foizidan 10 foizigacha to‘g‘ri kelmoqda.

Shu munosabat bilan o‘zaro savdoni rag‘batlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy qilish taklif etildi. Tovar yetkazib berishning qoidalari bir xillashtirilgan va tartib-taomillari soddalashtirilgan chegaraoldi savdo zonalari tizimini yaratish shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini mintaqa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan bosishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi.

Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish yana bir muhim vazifadir. Prezidentimiz industrial rivojlanish milliy dasturlari asosida Markaziy Osiyo mahalliylashtirish va importning o‘rnini bosish makonini shakllantirishga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.

O‘zbekiston yetakchisi iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishga chaqirib, bu mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo hamkorlik salohiyatidan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi hamkorlarga yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi hamda ushbu tashabbusning davomi sifatida Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Ishtirokchilarning e’tibori oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatda Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish lozimligiga qaratildi.

Shu maqsadda Prezidentimiz aholini mamlakatlarimizda yetarli hajmda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashning kompleks sxemasini birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi.

Ekologiya sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Hamkorlarga e’tiborni O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo uchun «Yashil» kun tartibi» dasturi doirasida iqtisodiyotni karbonsizlantirish, muqobil energetikani rivojlantirish va o‘zaro elektr energiyasi yetkazishni tashkil etish, suv tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy qilish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratish taklif etildi.

Prezidentimiz «yashil taraqqiyot» masalalarida Markaziy Osiyo davlatlari bugun jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha orqada ekanini afsus bilan qayd etdi.

- Mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolda raqobatbardoshligini ta’minlash uchun hukumatlarda bugun qabul qilinayotgan dasturni amalga oshirish bo‘yicha Aniq chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni topshirish zarur, - dedi davlatimiz rahbari.

Mintaqa mamlakatlarining birodar xalqlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida umumiy tariximizni chuqur o‘rganish, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish zarur.

Shu ma’noda, Prezidentimiz Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va milliy taomlar festivalini navbatma-navbat o‘tkazib borishni taklif qildi.

Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, yagona piar-kampaniyalarni o‘tkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol rag‘batlantirishimiz lozimligi ta’kidlandi.

Yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlash tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning strategik yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.

- Alohida qayd etaman, mintaqa xavfsizligi bo‘linmas va, eng avvalo, sherikligimiz qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Shu ma’noda, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikdek an’anaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorligimizni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur.

Davlatimiz rahbarining fikricha, ko‘lami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xatarlar alohida e’tiborni taqozo etmoqda.

Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi kerakligi ta’kidlandi.

Mintaqa davlatlari ushbu mamlakatning eng yaqin qo‘shnilari sifatida undagi barqarorlikdan birinchi navbatda o‘zlari manfaatdor bo‘lishlari lozim, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ushbu mamlakat bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish muhim ekani qayd etildi.

Prezidentimiz so‘zining yakunida Maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishiga, amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarning ilgari surishiga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston Prezidentlari o‘z nutqlarida bunday muntazam uchrashuvlarning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etib, mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdilar.

Sammit yakunida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari Cho‘lponota Maslahat uchrashuvining qo‘shma bayonoti, 2022-2024-yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konseptsiyasini qabul qildilar.

Shu bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi yakunlandi.



  ...