Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

“Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress ishtirokchilariga



Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan siz, azizlarni “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongressning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Dunyoning uzoq va yaqin davlatlaridan tashrif buyurgan sizlar kabi ko‘zga ko‘ringan ilm-fan va san’at arboblari, olim va tadqiqotchilar, ekspert va restavratorlar, muzeyshunos va boshqa o‘nlab soha mutaxassislarining ulug‘ allomalar diyori bo‘lgan, birinchi va ikkinchi Sharq renessansini yaratishda ulkan o‘rin tutgan yurtimizdagi ilmiy-madaniy meros namunalarini o‘rganishga katta qiziqish va e’tibor bilan qarayotgani bizni albatta mamnun etadi.

Bu borada O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Kongressning bu galgi sakkizinchi yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda bunyod etilayotgan, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining joriy va kelajakka mo‘ljallangan ilmiy dastur va rejalari muhokama qilinishi ayniqsa diqqatga sazovordir.

Bunda buyuk alloma va mutafakkirlarimizning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan munosib hissasi, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati bo‘yicha fundamental tadqiqotlar o‘tkazishga oid dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, hech shubhasiz, o‘zaro hamkorligimiz uchun yangi imkoniyat va istiqbollar ochib beradi.

Bu haqda so‘z yuritganda, sizlarning ishtirokingizda tayyorlangan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va  muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berilganini ta’kidlash lozim. Ana shu ishlarning davomi sifatida anjuman kunlarida mazkur turkumdagi yana 10 ta yangi jild taqdimoti o‘tkazilishi ham muhim madaniy hodisadir.

Fursatdan foydalanib, xalqimizning qadimiy va betakror madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan siz, azizlarga, olim va tadqiqotchilar, noshir va jurnalistlar jamoasiga, shuningdek, jahondagi turli fond va kolleksiyalarda xalqimizning tarixiy va madaniy yodgorliklarini asrab-avaylab, bizning mutaxassislarimiz bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgan olijanob insonlarga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Biz sizlarning barchangizni O‘zbekistonning chinakam do‘stlari deb bilamiz va ilmiy-ijodiy faoliyatingizni yuksak baholaymiz. Yurtimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, birinchi navbatda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi eshiklari sizlar uchun doimo ochiq.

Mohiyat e’tibori bilan o‘zida Vatanimizning shonli o‘tmishi, bugungi hayoti va buyuk kelajagini namoyon etishga xizmat qiladigan bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazish, dolzarb g‘oya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.

Ishonchim komil, Xalqaro kongress doirasida mamlakatimizdagi madaniy yodgorliklar, tarixiy-me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar va kitob fondlarini o‘rganish hamda ularni asrash va targ‘ib etish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishib, hamkorligimizni rivojlantirish bo‘yicha yangi taklif va tavsiyalarni bildirasizlar. Anjuman jarayonida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar, hurmatli olimlarimizning ilmiy ma’ruzalari, muhim g‘oya va tashabbuslari Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi, deb o‘ylayman.

Sizlarni bugungi nufuzli anjumanning ochilishi bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizga yutuq va omadlar tilayman.

Jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonga – tinchlik, do‘stlik va ilm-ma’rifat diyoriga xush kelibsiz!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



  ...