Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Prezident Samarqanddagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Ma’lumki, bu ulug‘ bobomiz maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri. Bugungi kunda majmua shunga munosib qilib qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Davlatimiz rahbari shu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirdi, ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada ko‘payadi. Ayniqsa, nuroniylar ko‘p keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va ma’rifiy, balki ulkan madaniy markaz ham bo‘lishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qo‘yish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Butkul yangicha qiyofa kasb etayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

 Prezidentimiz Samarqand tumanida barpo etilayotgan Turizm markazini ham borib ko‘rdi.

Bu yerda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Eshkak eshish kanali tartibga keltirilib, atrofda bog‘ yaratilmoqda.

Umuman, ushbu majmua turizm sohasidagi barcha xalqaro standartlarga mosligi, eng zamonaviy xizmat ko‘rsatish salohiyati bilan nafaqat Samarqand viloyati va mamlakatimiz, balki butun mintaqada turizm industriyasini yangi bosqichga ko‘taradi.

 Davlatimiz rahbari bu yerda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqimizning madaniyati, ma’rifati, milliy taomlarini namoyon etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.



  ...