Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Pekinda Xitoy uskunalar va elektrotexnika mahsulotlari importi va eksporti savdo palatasi raisining o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi



Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sanoat aloqalarini kengaytirishga yo‘naltirilgan ishlar doirasida Xitoy uskunalar va elektrotexnika mahsulotlari importi va eksporti savdo palatasi raisining o‘rinbosari Shi Yongxong bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi masalalari muhokama qilindi.

Xitoyning sanoat va elektrotexnika tarmoqlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan yirik savdo palatasi rahbariyati tomonidan O‘zbekiston bilan hududlararo munosabatlarni rivojlantirish, xitoylik investorlar mablag‘lari hisobidan mamlakatimizda yangi loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.

Tomonlar O‘zbekistonda sanoat va savdoni rivojlantirishda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda o‘zaro hamkorlikda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan yangi loyihalar yuzasidan axborot berish bo‘yicha yangi mexanizmni yo‘lga qo‘ygan holda Savdo palatasi va Tijorat vazirligining matbaa nashrlari hamda internet sahifalarida mamlakatimiz hayotiga doir haftalik dayjestlarning muntazam yoritilishi yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, Xitoy uskunalar va elektrotexnika mahsulotlari importi va eksporti savdo palatasi 25 yo‘nalishdagi 10 ming nafarga yaqin davlat korxonalari, yirik sanoat, o‘rta va kichik biznes vakillarini o‘z atrofiga birlashtirgan yirik uyushma hisoblanadi. 

Xuawei, Xiaomi, Haier, Great Wall Motors, Honghua Group singari yirik kompaniyalar 1988 yilda tashkil etilgan ushbu palata tarkibiga kiradi.



  ...